Bugun, 21-sentabr kuni Andijon davlat tibbiyot instituti Vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti va Isroil Respublikasi Quddus Ibroniy universitetining tibbiyot fakulteti bilan hamkorlikda “Yurak qon-tomir xirurgiyasida innovatsion yondashuvlar” mavzusida o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumani boshlandi.
Anjuman avvalida, Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor M.Madazimov “QS World university Rankings” dunyo reytingida 100 talikka kiruvchi Quddus Ibroniy universitetining Kardiologiya kafedrasi professori, “Kaplan” tibbiyot markazi yurak institutining, yurak kateterizatsiyasi va yurakning tarkibiy kasalliklari bo‘limi direktori kardiojarroh Michael Jones hamda Isroil Respublikasi Quddus shahri “Ashdod Dalet” poliklinikasi direktori terapevt Arkaiy Benyaminovlar bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi. Shartnomaning asosiy maqsadi nafaqat kursantlar hamda talabalarga, o‘qituvchilarga seminar (vebinar) darslar o‘tish, amaliy darslarda qatnashish bo‘libgina qolmay, shartnomada ilmiy hamkorlik asosiy o‘rinni egalladi. Yaʼni kasalliklarni nafaqat klinitsist nuqtayi nazaridan, balki, eksperimental mutaxassis tekshirish yo‘llari bilan isbotlash, klinitsist va eksperimentator o‘zaro hamkorligi yana-da, ko‘proq foyda berishi kelishib olindi. Uchrashuv yakunida mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shunigdek, xorijlik mutaxassislar tomonidan ADTI klinikasi Kardioxirurgiya bo‘limida bemorlar ko‘ruvi, master-klasslar bo‘lib o‘tmoqda.
Ular tomonidan institutning Vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti professor–o‘qituvchilari, talabalar va soha mutaxassislari uchun 19-24-sentabr kunlari maʼruzalar, seminar (vebinar)lar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.