Xabaringiz bor, ayni kunlarda “O‘zekspomarkaz” da Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda boshqa qator vazirlik va agentliklar hamkorligida “Sog‘liqni saqlash — TIHE 2024” 28-Toshkent xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu anʼanaviy ko‘rgazmada zamonaviy asbob-uskunalar, texnologiyalar, ilg‘or davolash va diagnostika usullari taqdim etilmoqda. Unda 21 mamlakatdan 310 ta kompaniya ishtirok etmoqda.
Joriy yilda doimiy ishtirokchilar bilan bir qatorda AQSH, Koreya Respublikasi, Italiya, Germaniya, Turkiya, Misr kabi davlatlardan debyutantlar ham ishtirok etmoqda.
Mazkur ko‘rgazmada Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov bir guruh mas’ullar bilan birgalikda ishtirok etib, ko‘rgazmadan o‘rin olgan laboratoriya, klinika va shifoxonalar uchun zamonaviy yechimlar, diagnostika va davolash uchun tibbiy asbob-uskunalarning keng assortimenti, tegishli mahsulotlar, stomatologik amaliyot uskunalari va farmatsevtika sohasidagi yangi ishlanmalar, tibbiy ta’lim jarayonida muhim bo‘lgan simulyatorlar bilan tanishdi.
Institutning yangi qurib bitkazilayotgan o‘quv binosi va klinikasini zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash maqsadida “Virtumed” hamda “Medkompleks” kompaniyalari tomonidan taqdim etilgan tibbiyot jihozlari sinovdan o‘tkazilib, ularning imkoniyatlari o‘rganildi.