Bugun, 25-sentabr kuni Andijon davlat tibbiyot instituti talabalar turar joyida professor-o‘qituvchilar hamda talabalarning bo’sh vaqtini mazmunli va maroqli o’tkazishlariga ko‘maklashish maqsadida 1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan «She’rxonlik kechasi» o‘tkazildi.
Unda professor-o‘qituvchilar va talabalar qatori, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi M.Artiqova, jurnalist E.Raxmonova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi V.Ahmad ishtirok etdi.
Tadbirni institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Salohiddinov kirish so‘zi bilan ochib, yaqinlashib kelayotgan 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan barcha ustozlarni samimiy tabrikladi.
«She’rxonlik kechasi» avvalida Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi Andijon viloyat hududiy boʻlimi xonandasi M.Mahmudov tomonidan diltortar tarona ijro etildi.
Tadbir qatnashchilari esa chin insoniy fazilatlar, ezgulik, odamiylik, mehr va sadoqatni tarannum etuvchi she’rlar, qo’shiqlar ijro etdi.
Konsert dasturida xorijlik talabalar ham kuy-qo’shiq va raqslar bilan faol ishtirok etdi.