Bugun, 27-fevral kuni Andijon davlat tibbiyot institutining asosiy o‘quv binosida 2023-2024-o‘quv yili bitiruvchilaridan doimiy yashash manzili Namangan viloyatI bo‘lgan talabalarni taqsimot (Ishga joylashtirish, bo‘lajak ish joylarini aniqlash bo‘yicha) “Bitiruvchilar taqsimoti” yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda institut rektori M.Madazimov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor B.Abdullajonov, Marketing va talabalar amaliyot bo‘limi boshlig‘i A.Ziyayev, Namangan viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Kadrlar bo‘limi boshlig‘i S.Nasivaliyev, bir guruh ish beruvchilar va bitiruvchilar ishtirok etdi.
Tadbirni institut rektori kirish so‘zi bilan ochib, Davlatimiz rahbarining joriy yilning 5-fevral kuni 2024-yilda ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida yoshlar bandligini ta’minlashda oliygoh va ish beruvchilar hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalalarini ilgari surganligini ta’kidladi.
-Bugungi uchrashuv bitiruvchilarimizni qoqilmay o‘z yo‘llarini topishlariga, o‘zlari istagan ish o‘rinlarini egallashlariga katta xizmat qiladi. Bu albatta, mazkur yo‘nalishda amalga oshiriladigan faoliyatimizning debochasi. Navbatda esa boshqa viloyatlar Sog‘liqni saqlash boshqarmalari bilan ham hamkorlikni mustahkamlagan holda bitiruvchilarimizga ish o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashamiz, –dedi, institut rektori M.Madazimov.
Mazkur tadbir davomida so‘z olgan mas’ullar talabalar va magistrantlarni ishga joylashtirish masalasida qiziqtirgan savollariga batafsil javob berdi. Shuningdek, hududlar kesimida bitiruvchilar tuman, shahar tibbiyot birlashmalariga biriktirildi.