Andijon davlat tibbiyot institutida “9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish” kuniga bag‘ishlangan Aksilkorrupsiya oyligi doirasida profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda.
Ushbu tadbirlar talaba-yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishni shakllantirish va korrupsiyaning ayanchli oqibatlarini tushuntirib borish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Bugun, 6-noyabr kuni Davolash fakulteti 3-bosqich talabalari ishtirokida institut Korrupsiyaga qarshi kurashish va Komplayens nazorat tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i S.Asqarov tomonidan “Korrupsiya taraqqiyot kushandasi” mavzusida profilaktik tadbir o‘tkazildi. Tadbirda talaba-yoshlarga korrupsiya illati demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazib, inson huquqlari buzilishiga olib kelishi haqida tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish va ushbu illatlarni oldini olish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida tushunchalar berildi. Ushbu salbiy illatni oldini olish bo‘yicha tayyorlangan videoroliklar namoyish qilindi. Ulardan talabalar korrupsiya haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lib, uni oldini olish borasida faol bo‘lishlarini bildirdilar.