Bugun, 23-oktabr kuni Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov Pediatriya fakulteti 1–3-bosqich talabalari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda asosan talaba-yoshlarning odob-axloq qoidalari, kiyinish madaniyatiga rioya qilishi, internetdan foydalanish madaniyati haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, har bir soha vakillarining o‘ziga hos kiyinish uslubi mavjudligi shu jumladan institut talabalarining kiyinish uslubi belgilanganligi yuzasidan tushuntirib o‘tildi. Odob-axloq qoidalariga rioya qilish, ustozlar va tengdoshlari bilan o‘zaro hurmatda munosabatda bo‘lish haqida aytib o‘tildi.
Qolaversa, bugungi kunda rivojlanib borayotgan media olam, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda ehtiyotkorlikka rioya qilish, ulardan ma’lumot olish va tarqatishda ehtiyotkorlik qoidalariga rioya qilish yuzasidan tushunchalar berildi. Talabalarning bo‘sh vaqtlarini besamar o‘tkazmay, mazmunli tashkil qilishlari muhimligi va buning uchun institut hamda talabalar turar joyida yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdi.
Talabalar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ustozdan batafsil javoblarni oldilar. Rektor suhbat yakunida institutning barcha talaba-yoshlarini qo‘llab-quvvatlashini, ularning murojaatlarini doimo eshitishga tayyor ekanini aytib o‘tdi.