Bugun, 20-may kuni Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov talaba-yoshlarning muammolarini o‘rganish, taklif va mulohazalari bilan tanishish maqsadida Stomatologiya fakulteti talabalari bilan uchrashdi.
Mazkur uchrashuvda rektor bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning o‘z iqtidor va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligini, yoshlar esa o‘qib, o‘rganib yutuqlarga erishishlari mumkinligini taʼkidladi. Talaba-yoshlarning odob-axloq qoidalari, kiyinish madaniyatiga rioya qilishi, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati haqida so‘z yuritdi.
Axborot texnologiyalari, xorijiy tillarni bilish, zamonaviy taʼlim va tibbiyot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘lish muhimligi yuzasidan tavsiyalar berdi.
Shuningdek, talabalarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tarzda o‘tkazishlari, turli xil axborot xurujlariga aldanib qolmaslik, internet va ijtimoiy tarmoqlardan to‘g‘ri foydalanish, turli aldovlarga ishonib qolmaslik xususida so‘z yuritildi. Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish yuzasidan tushunchalar berildi.
Uchrashuv davomida so‘z olgan Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov, fakultet dekani D.To‘lanov talabalarning darslarga o‘z vaqtida qatnashishlari, o‘quv yilining yakuniy imtihonlariga tayyorgarlikni jadallashtirish haqida aytib o‘tdi.
Mazkur tadbir doirasida Andijon shahar IIO FNB YHXB katta inspektori, katta serjant B.Odiljonov tomonidan yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmasdan oldin avtomashina boshqarmaslik, yo‘lni kesib o‘tishda svetoforga eʼtiborli bo‘lish haqida tushunchalar berildi. Mavzuga doir videoroliklar namoyish etildi.
Samimiy ruhda o‘tgan muloqotda talabalar taklif va tashabbuslarini bildirishdi, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.