Xabaringiz bor, ayni kunlarda respublikamizda joriy yilning 27-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Siyosiy partiyalarning va ulardan ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovoldi dasturi, o‘z oldiga qanday dolzarb vazifalarni belgilab olganligi haqida saylovchilarni xabardor qilish maqsadida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston “Adolat” Sotsial demokratik partiyasi Andijon viloyat kengashi tomonidan Andijon davlat tibbiyot instituti yig‘ilishlar zalida saylovchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuv ayni shu maqsadga qaratildi. Unda partiya faollari, deputatlikka nomzodlar va ayni vaqtda faoliyat olib borayotgan xalq vakillari ishtirok etdi.
Dastlab partiyaning 2019–2024-yillardagi faoliyatiga eʼtibor qaratildi. Partiya loyihalari asosida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berildi. Mahalliy kengashlardagi deputatlar faoliyatida jonlanish kuzatilgani eʼtirof etildi.
Shundan so‘ng, saylovlarga tayyorgarlik va partiya Siyosiy kengashining navbatdagi qurultoyida tasdiqlangan yangi Saylovoldi dasturi to‘g‘risida so‘z yuritildi.