So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasini tubdan takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish hamda davlat boshqaruvi tizimini yanada samarali tashkil etish borasida qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023-yil 27-martdagi 72-sonli buyrug‘i, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi “Ma’muriy islohotlar doirasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–200-sonli qarori, 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risidagi PF–158-sonli Farmoni, shuningdek, 2025-yil 5-maydagi “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–76-sonli Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-avgustdagi 498-sonli qarorlarida belgilangan vazifalar ushbu yo‘nalishdagi belgilangan vazifalar ushbu yo‘nalishdagi islohotlarning huquqiy asosini tashkil etadi.


Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon davlat tibbiyot instituti rektorining 2025-yil 20-noyabrdagi T-01/08/2989-sonli buyrug‘i ishlab chiqildi. Ushbu buyruq institutda ta’lim sifati, professor-o‘qituvchilar faoliyati va boshqaruv samaradorligini kompleks baholashga qaratilgan muhim hujjat sifatida xizmat qildi.
Buyruqqa muvofiq, institutning davolash, pediatriya, stomatologiya, farmatsiya hamda VMO va QT fakultetlariga qarashli jami 65 ta kafedrada faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilarning 2025-yildagi faoliyati keng qamrovli va chuqur tahlillar asosida ichki baholashdan o‘tkazildi. Ichki baholash jarayonida o‘quv-uslubiy ishlar, ilmiy-tadqiqot faoliyati, ta’lim jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, talabalarning bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish darajasi, shuningdek, professor-o‘qituvchilarning kasbiy faolligi atroflicha o‘rganildi.


Ichki baholash Andijon davlat tibbiyot institutining Ta’lim sifatini ta’minlash bo‘limi tomonidan tashkil etilib, institut rektori M.Madazimov boshchiligida o‘tkazildi. Ushbu jarayonda barcha prorektorlar, fakultet dekanlari hamda tegishli bo‘lim boshliqlarining faol ishtiroki ta’minlandi. Bu esa ichki attestatsiyaning shaffof, tizimli va samarali o‘tishiga xizmat qildi.
Ichki attestatsiya jarayonida institut rektori tomonidan 2025-yilda erishilgan yutuqlar va mavjud kamchiliklar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.


Shuningdek, kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli rejalar institut jamoasiga, xususan fakultetlar va kafedralarda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilarga batafsil tushuntirildi hamda zarur ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, Andijon davlat tibbiyot institutining respublika va xalqaro miqyosdagi nufuzi tobora ortib borayotgani, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining “Top-1000” reytingiga kirgan yetakchi universitetlari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilayotgani alohida ta’kidlandi. Ta’lim dasturlarini xorijiy akkreditatsiyadan o‘tkazish, milliy kompleks va maxsus attestatsiyaga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, HEMIS axborot tizimi va KRI (asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari) tizimini keng joriy etish masalalari institut faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.


Xulosa qilib aytganda, Andijon davlat tibbiyot institutida o‘tkazilgan ichki baholash va attestatsiya jarayonlari ta’lim sifatini oshirish, professor-o‘qituvchilar faoliyatini yanada takomillashtirish hamda institutni milliy va xalqaro miqyosda raqobatbardosh oliy ta’lim muassasasiga aylantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
