Bugun, 26-avgust kuni Andijon davlat tibbiyot institutida yangi 2023/2024-o‘quv yiliga tayyorgarlik yakunlariga bag‘ishlangan ilmiy kengash yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda institut rektori M.Madazimov, prorektorlar, fakultetlar dekanlari, kafedralar mudirlari, bo‘lim boshliqlari ishtirok etdi. Yig‘ilish avvalida qator xalqaro tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan va ilmiy darajalarga erishgan professor-o‘qituvchilar hamda talabalar taqdirlandi.
Shundan so‘ng, so‘z olgan O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor B.Abdullajonov o‘quv xonalari, laboratoriyalar va kafedralardagi yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati bilan tanishtirib o‘tdi. Shuningdek, yozgi ta’til davrida ham institut jamoasi va talabalarining erishgan yutuqlari hamda Andijon davlat tibbiyot instituti Akademik litseyining 80 foizdan ziyod o‘quvchilari oliy ta’lim muassasasiga talabalikka tavsiya etilganligini e’lon qildi.
Navbatda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi bayramiga hamda yangi o‘quv yilini boshlashga tayyorgarlik ishlari, talabalarni turar joy va ijara xonadonlari bilan ta’minlash maslalarida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumotlarni taqdim etdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish va Komplayens nazorat tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i S.Asqarov tomonidan korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish, unga qarshi birgalikda kurashish muhimligini ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, institut rektorining Mustaqillik bayramining 32 yilligi munosabati bilan institut xodimlarini moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha buyrug‘i o‘qib eshittirildi.