Bugun, 6-iyun kuni Andijon davlat tibbiyot institutida faoliyat yuritayotgan ayol xodimlarning qobiliyatlarini namoyon etishlariga imkon yaratish, ularning iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida institut Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekistonning tashabbuskor ayollari” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Unda Xorijiy tillar kafedrasi professor-o‘qituvchilaridan tarkib topgan “Lingvist”, O‘quv bo‘limi xodimalari va kafedralar o‘qituvchilaridan iborat “Elegant ayollar”, Axborot resurs markazi xodimalaridan tashkil topgan “Tibbiyot ziyokori”, tyutorlardan iborat “O‘zbekoyimlar” jamoalari ishtirok etdi.
Tanlovda institutning O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori B.Abdullajonov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning viloyat hududiy boshqarmasi yetakchi mutaxassisi F.Rustamova, Xalq deputatlari Andijon viloyat kengashi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash fond rahbari viloyat kengashi deputati, “Oqila ayollar” viloyat ishchi guruhi a’zosi Z.Ismoilova, institut rektorining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi G.Xolmatova, Tibbiy profilaktika yo‘nalishi mas’ul dekani S.Xolmirzayeva Hakamlar hay’ati sifatida ishtirok etdi.
Mazkur tanlov avvalida institut rektori M.Madazimov barcha qatnashchilarga samimiy tilaklarini bildirdi. Jamiyatda ayollarning o‘rni nechog‘lik muhim ekanligi, ular oilalar farovonligi, kasbiy rivojlanishda ham faol ekanligini ta’kidladi va barcha qatnashchilarga nafaqat tanlov davomida balki, hamisha omad va muvaffaqiyatlar hamroh bo‘lishiga tilak bildirdi.
Shundan so‘ng, jamoalar tanishtiruv, milliy qadriyatlar tarannumi, erkin mavzu shartlari bo‘yicha bellashdilar. Unda bir biridan qiziqarli, mazmunli, milliy qadriyatlar tarannum etilgan, dolzarb muammolar tanqid ostiga olingan chiqishlar namoyish etildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, faol qatnashchilar “Eng iste’dodli ayol”, “Eng tashabbuskor ayol”, “Eng faol ayol”, “Eng ibratli ayol” nominatsiyalari bo‘yicha 500 000 (besh yuz ming) so‘m pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, teng hisoblar bilan yuqori faollik uchun “Lingvist” hamda “O‘zbekoyimlar” jamoasi 1-o‘rinni, “Elegant ayollar” jamoasi 3-o‘rinni band etdi.
G‘olib jamoalar diplom hamda 1-o‘rin uchun 6 000 000 (olti million) so‘m, 3-o‘rin uchun 3 000 000 (uch million) so‘m miqdorida pul mukofotlari bilan taqdirlandi.