Bugun, 23-dekabr kuni Andijon davlat tibbiyot institutida yaqinlashib kelayotgan yangi yil bayrami munosabati bilan “Yangi yil karnavali” bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida institut rektori M.Madazimov, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi v.v.b. Sh.Abdusamatov, prorektorlar fakultetlar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar hamda bayramona bezatilgan ijodkorlik yarmarkasi bilan tanishdi.
Karnavalning tantanali qismini institut rektori M.Madazimov kirish so‘zi bilan ochib berdi va 2024-yil institut jamoasi, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun ham omadli hamda muvaffaqiyatlarga boy bo‘lganini e’tirof etdi. Yaqinlashib kelayotgan yangi yil ham eng yaxshi istaklar ro‘yobi bo‘lib kelishiga tilak bildirdi.
Tantanaga monand tarzda dastlab, xalqaro, respublika hamda institutda o‘tkazilgan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, olimpiadalarda faol ishtirok etib, yutuqlarga erishgan talabalar institut rahbariyati tomonidan diplom hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Bayramning an’anaviy mehmonlari bo‘lgan Qorbobo va qorqiz bolajonlarga quvonch va sovg‘alar ulashdi. Qator qiziqarli o‘yinlar o‘tkazilib, g‘oliblarga ham sovg‘alar taqdim etildi.
O‘zbekiston filarmoniyasi Andijon viloyat bo’limi xonandalari va bolalar ansamblining jajji bolajonlari tomonidan kuy-qo‘shiq hamda raqslar ijro etildi. Institutning iqtidorli talabalari ham ko‘tarinki kayfiyat ulashuvchi chiqishlar namoyish etdi. Sho‘x taronalar barchani davraga chorladi.