Andijon davlat tibbiyot institutining yangi, zamonaviy ko‘rinish va texnologiyalarga ega 2000 o‘rinli o‘quv binosi ham 2024/2025-o‘quv yili boshlanishiga tayyor.
Mazkur bino O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-iyundagi “Yangi Andijon” shaharchasini barpo etish va Andijon viloyatida tadbirkorlikni yana-da qo‘llab-quvvatlash chora -tadbirlari to‘g‘risidagi” PQ-5154 sonli qaroriga asosan institut klinikasi hududidagi 2 gektar yer maydonida 2000 o‘ringa mo‘ljallangan holda qad rostladi.
Bino 7 qavatdan iborat bo‘lib har bir qavatda 28 ta xona mavjud. Barcha o‘quv xonalarda interaktiv doskalar va zamonaviy o‘quv jihozlari mavjud.
Binoda umumiy 12 ta ma’ruza zali mavjud. Binoning 2-qavatida jahon standartlariga mos katta imkoniyatlarga ega simulyatsiya markazi joylashgan. 3-qavat stomatologiya yo‘nalishlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, eng zamonaviy stomatologik asbob-uskunalar va texnologiyalar bilan jihozlangan. Binodan asosan klinik kafedralar o‘rin olgan. Institut klinikasi va mazkur o‘quv bino o‘rtasida telemeditsina tizimi yo’lga qo’yilgan.
Unda klinikaning xirurgik bo‘limlarida amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘quv xonalariga translatsiya qilinadi. Talabalar ushbu jarayonda shifokorga o‘z savollarini berish va unga shu paytning o‘zida javob olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Binoning 5-qavatida 420 o‘rinli faollar zali o‘rin olgan. Garderob, 400 o‘rinli oshxona professor-o‘qituvchilar va talabalarga qulaylik yaratish maqsadida shay holatga keltirildi.