Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Rossiyaning COVID-19 ga qarshi ishlab chiqqan vaksinasini butun dunyoda ishlatsa boʻladi, deyishga hali erta, degan fikrda.
Bu haqda tashkilotning Yaqin Sharq ofisi dasturlarini boshqarish boʻyicha direktori Rana Xaje bildirgan. Shu bilan birga, uning taʼkidlashicha, JSST Rossiya Federatsiyasining yuqori sifatli preparat yaratish uchun texnik imkoniyatlarga ega ekaniga shubha qilmaydi.
“Rossiya vaksinasi ikki bosqichdan oʻtdi, oldinda uchinchi test turibdi. Preparat barcha eksperimentlardan oʻtib boʻlgani yoʻq, lekin vaksinani mahalliy sharoitda, hech boʻlmaganda, Rossiyaning oʻzida qoʻllasa boʻladi, deb baholanmoqda. Biz Rossiya hukumati bilan aloqadamiz va bilamizki, Rossiya yuqori sifatli vaksina yaratish uchun ilmiy hamda texnik imkoniyatlarga ega. Toʻgʻri, JSST ayni payt mazkur vaksinani butun dunyoda ishlatish uchun toʻgʻri keladigan meʼyorlarga mos keladi, deyishga tayyor emas, biroq biz bu borada RF bilan har kuni aloqani ushlab turibmiz”, – dedi Xaje.
Rossiya oʻtgan seshanba kuni dunyoda birinchi boʻlib COVID-19 ga qarshi vaksina yaratganini eʼlon qilgan. Yangi preparat “Sputnik V”, deb nomlandi.
OʻzA