Xabaringiz bor, Andijon viloyatida respublika ishchi guruhi tomonidan joylarda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda. Bu borada Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimovga Paxtaobod tumani 4-sektordagi 16 ta mahalla biriktirilgan.
Bugun tumandagi 1-kasb-hunar maktabida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida ijtimoiy himoyaga muxtoj, ishsiz hamda migratsiyadan qaytgan fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda ishchi guruh rahbari O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi maʼsul xodimi Umirzoq Raxmatov, ishchi guruhi rahbari o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi masʼul xodimi Foziljon Farxodov hamda Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov va institut mas’ullari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida fuqarolarga kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zini o‘zi band qilish va tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishda yaratilayotgan imnkoniyatlar, salomatligida muammosi bor kam ta’minlangan oilalarga ko‘maklashish, tashkil etilayotgan bepul tibbiy-ko‘riklar hamda jarrohlik amaliyotlari borasida ma’lumotlar berildi. Suhbat davomida aholining muammolari ham o‘rganilib, joyida hal etildi.
Xususan, “Yangichek” MFY Tojmahal ko‘chasi 146-uyda yashovchi fuqaro Dilshoda Saydullayeva tibbiyot texnikumini tamomlagan va hozirda ishsiz bo‘lganligi sababli murojaat qilgan. Fuqaro shu joyning o‘zida Andijon shahridagi “MK med” klinikasiga ishga joylashtirildi. “Ziyoli” MFY Qirg‘ol ko‘chasi 53-uyda yashovchi fuqaro Mohinur Hamidova Andijon davlat universitetining Huquqshunoslik fakultetini tamomlagan va hozirda ishsiz bo‘lganligi sababli murojaat qilgan. M.Hamidova ham shu joyning o‘zida Andijon davlat tibbiyot institutiga ishga joylashtirildi. “Chorsu” MFY Ifor ko‘chasi 34-uyda yashovchi fuqaro Shohida Madaminova jarrohlik amaliyotiga muxtoj ekanligi aniqlandi, operatsiya esa institutning malakali mutaxassislari tomonidan o‘tkazib berilishi bildirildi.