Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev raisligida sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari hamda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan videoselektor o‘tkazildi.

10:37 29.03.2022

Unda birinchi masala etib tibbiyot sohasi vakillari bilan ochiq muloqotda berilgan topshiriqlar ijrosini aprel oyida tashkil etish bo‘ldi.

Dastavval davlatimiz rahbari o‘tgan hafta alohida farmoyish imzolanib, 7 ta yo‘nalishdagi 50 ta tadbir va ularning har biri uchun mas’ullar belgilanganini ta’kidladi.

Yig‘ilishda 56 ta tumandagi 243 ta olis va chekka mahallada 562 ta oilaviy shifokor lavozimi vakant bo‘lib turganiga e’tibor qaratildi. Xorazm, Qashqadaryo, Buxoroda bo‘sh o‘rinlar ancha yuqori bo‘lsa-da, aprel oyida ushbu vakant lavozimlarga mutaxassis jalb etish umuman reja qilinmagani keskin tanqid qilindi. Yoki, Toshkent viloyatida yil yakuniga qadar 70 ta olis va chekka mahallada tibbiyot punktini tashkil etishi lozim bo‘lsa-da, bu borada aprel oyi rejasida birorta amaliy vazifa yo‘q.

Davlatimiz rahbari mutassaddilarga aprel oyi uchun qator vazifalarni belgilab berdi.

– 1 million nafar xavf guruhiga kiruvchilar, 700 ming nafar bolalar va 100 ming nafar homilador ayollar maqsadli skriningdan o‘tkaziladi;

– har bir oilaviy poliklinikada kunduzgi statsionarlarni tashkil etish orqali tuman va shahar shifoxonalariga yotadigan bemorlarning navbati kamida 20 foizga qisqartiriladi;

– 26 ta oilaviy shifokorlik punkti to‘liq ta’mirlandi, zarur shtatlar, asbob-uskuna va dorilar bilan ta’minlanadi.

Umuman, yil yakuniga qadar jami 400 ta mahalla uchun bunday punktlar ochilishi ta’minlanadi.

Shuningdek, aprel oyida olis hududlarda maxsus konteynerlardan foydalangan holda 1 ming 700 ta mahalla tibbiyot punktini tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Davlatimiz rahbari 10 aprelga qadar  Qoraqalpog‘iston, Jizzax,  Surxondaryo va Xorazmda tez tibbiy yordam brigadalarini tashkil etishni topshirdi.

Shuningdek, ochiq muloqotda tez tibbiy yordam tizimidagi anesteziolog, reanimatologlar oylik ish haqiga 40 foiz ustama berish haqida ko‘plab murojaatlar tushgan. Bir hafta muddatda ushbu masalani ijobiy hal qilish bo‘yicha tegishli qaror loyihasini Hukumatga kiritish vazifasi qo‘yildi.

2022-yil investitsiya dasturi doirasida tibbiyot muassasalarini qurish va ta’mirlash ishlariga budjetdan 1,2 trillion so‘m ajratildi.  Lekin bugungi kunga qadar 32 ta poliklinika va shifoxonalarni ta’mirlash bo‘yicha ishlar boshlanmagan. Barcha qurilish ishlarini 1 oktabrga qadar yakuniga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Viloyat hokimlariga 25-aprelga qadar barcha birlamchi muassasalarni xatlovdan o‘tkazib ularga zarur bo‘lgan va ta’mirtalab jihozlar ro‘yxatini shakllantirish topshirig‘i berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot asbob-uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatish tizimini yaratish bo‘yicha taklif kiritadigan bo‘ldi.

22 ta respublika markazi yil yakuniga qadar O‘zbekistonda ilgari bajarilmagan kamida 100 ta yuqori texnologik davolash usullarini yo‘lga qo‘yishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirliklariga ikki hafta muddatda davlat va xususiy shifoxonalar uchun kasalliklarni davolash bo‘yicha yagona tariflarni tasdiqlash topshirildi.

Ochiq tanlov e’lon qilib, 15-mayga qadar yo‘llanma asosida tibbiy xizmatlar ko‘rsatadigan xususiy klinikalar ro‘yxatini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, 1-apreldan boshlab davlat hisobidan davolanish uchun yo‘llanmalar boshqa hududdagi davlat shifoxonalari uchun ham beriladi.

Yig‘ilish yakunida mutasaddilar ko‘tarilgan masalalar yuzasidan hisobot berdi.

Skip to content Click to listen highlighted text!