“KELAJAK TADBIRKORI” DASTURI VA ISTIQBOLLI REJALAR – Andijon davlat tibbiyot instituti
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

“KELAJAK TADBIRKORI” DASTURI VA ISTIQBOLLI REJALAR

15:33 27.03.2026

Ma’lumki, joriy yilning 24-fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish masalalariga bag‘ishlandi. Muloqot davomida yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, ularning iqtidor va salohiyatini rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash tizimi, shuningdek, o‘tgan yillar davomida erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar atroflicha tahlil qilindi. Shu bilan birga, kelgusi yillar uchun ustuvor vazifalar va aniq rejalar belgilab olindi.

Mazkur rejalar doirasida joriy yildan boshlab “Kelajak tadbirkori” dasturini amalga oshirish yo‘lga qo‘yilishi e’lon qilindi. 27-mart kuni Andijon davlat tibbiyot institutida viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasalari bitiruvchi talabalari ishtirokida mazkur dasturga bag‘ishlangan oflayn va onlayn uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda Respublika “Kelajak tadbirkori” departamenti direktori T. Abduazov, Andijon viloyati “O‘zmilliy bank” AJ boshqarmasi boshlig‘i O. To‘xtasinov hamda institut rektori M. Madazimov ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida mutaxassislar tomonidan “Kelajak tadbirkori” dasturining mazmun-mohiyati va imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, ushbu dastur doirasida yosh tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 7 yil muddatgacha 15 foizli imtiyozli kreditlar ajratiladi. Jumladan:

 

  • o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million so‘mgacha,
  • tadbirkorlik ko‘nikmasiga ega bo‘lib, o‘z biznesini boshlayotganlarga 300 million so‘mgacha,
  • faoliyatini kengaytirayotgan yosh tadbirkorlarga 2 milliard so‘mgacha,
  • kamida 5 nafar bitiruvchini ish bilan ta’minlagan tadbirkorlarga esa 10 milliard so‘mgacha kredit mablag‘lari ajratilishi belgilangan.

Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Mening birinchi kasbim” dasturini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu dastur doirasida stajirovka asosida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘rtasida tanlov o‘tkazilib, g‘oliblarga oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya to‘lash tizimi joriy etiladi.

Muloqot davomida yoshlarga davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar, ularni amaliyotga joriy etish mexanizmlari, bitiruvchilar bandligini ta’minlash, “Kelajakka qadam” va “Kelajak tadbirkori” dasturlari doirasida ajratilayotgan imtiyozli kreditlar haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, ushbu imkoniyatlar orqali talabalar o‘z startap va biznes loyihalarini hayotga tatbiq etishlari mumkinligi alohida ta’kidlandi.

Bugungi kunga qadar “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, ko‘plab ish o‘rinlari yaratgan, yuqori daromadlarga erishayotgan yoshlar misol tariqasida keltirildi. Bu esa yoshlar uchun katta motivatsiya bo‘lib xizmat qildi.

Tadbir yakunida dasturlarga qiziqish bildirgan, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan talabalar o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashib, mutasaddi tashkilot vakillaridan zarur tavsiya va yo‘l-yo‘riqlar oldilar. Shuningdek, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida imtiyozli kredit olib, tadbirkorligini yo‘lga qo‘yayotgan 3 nafar talabaga Andijon viloyati “O‘zmilliy bank” AJ boshqarmasi tomonidan vaucherlar taqdim etildi.

Skip to content