Bank plastik kartalardan pul yechib olinishlari, shaxsiy suratlarning internet va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketayotgan holatlarni juda koʻp uchratyapmiz. Bunday vaziyatlardan kishi oʻzini qanday himoya qilishi kerak?
Bugun Andijon davlat tibbiyot institutida “Bank plastik karta hisobidan pullarni noqonuniy ravishda talon-taroj qilish jinoyatining sodir etish usullari va viktimologik profilaktikasi” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Unda viloyat IIB kiberxavfsizlik boʻlimi katta tezkor vakili, leytenant Sh.Mamasoliyev hamda A.Ulugʻbekov ishtirok etdi. Mutaxassislar talabalarga bank kartadagi mablagʻlarning noqonuniy egallanishi, “Onlayn kredit” yoki “onlayn mikroqarz” haqida FEYK xabarlar, gʻarazli maqsadda yaratilgan soxta akkauntlar, shaxsiy maʼlumotlarni egallashga moʻljallangan zararli havolalar, tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar va kibermakondagi boshqa qonunbuzarliklar hamda ularning salbiy oqibatlari haqida maʼlumot berdilar.
Tadbir yakunida yoshlar mavzu borasida oʻzlari qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.