INSTITUTNING SOBIQ BITIRUVChISI O‘Z KITOBINI SOVG‘A QILDI
Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida e’lon qilgan beshta muhim tashabbuslarining 4-sida kitobxonlikni keng targ‘ib etish alohida ko‘rsatib o‘tilgan. Shu yo‘nalishda joylarda kitobxonlik tadbirlari – o‘zi o‘qigan o‘quv dargohiga kitob sovg‘a qilish an’analari keng quloch yoymoqda. Respublikamiz miqyosida e’lon qilingan kitobxonlik oyligi doirasida bizning Andijon davlat tibbiyot institutida ham ibratli ishlar amalga oshirilib, yangi-yangi tashabbuslar ko‘zga tashlanmoqda.
An’anaviy kitobxonlik va kitob savdosi qizg‘in davom etayotgan shu kunlarda institutga sobiq bitiruvchi – Namangan viloyati, Yangiqo‘rg‘on tumanilik shifokor Najmiddin Eshonov tashrif buyurdi. Vertebrolog- shifokor 1986 -yilda ADTIning pediatriya fakultetini bitirgan. Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Birlashgan qishlog‘ida ish faoliyatini olib borgan. Zamondoshimiz shifokorlik faoliyati davomida suitsid holatlarini oldini olish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borib, bemorlarni davolab, hayotga qaytarib kelmoqda.
Yaqinda shifokorning ilmiy kuzatishlari va izlanishlari, hayotiy qarashlari aks etgan “U dunyodan qaytmagan kim bor?” nomli she’riy kitobi nashrdan chiqdi.
2019-yil 8-aprel kuni Najmiddin Ziyo (Eshonov) ADTIga kelib, o‘z kitobidan institut Axborot- resurs markaziga 10 nusxa, institut klinikasi kutubxonasiga 10 nusxa sovg‘a sifatida taqdim etdi. Kitobni barcha qiziquvchilar olib o‘qishlari mumkin. Zero, kitob bizni hayotga bo‘lgan mehru – muhabbatimizni oshiradi.
O‘zi ta’lim olgan oliy dargohga kitobini tuhfa etgan muallifga institut rahbariyati va barcha talabalari nomidan minnatdorchilik bildirib qolamiz.