Ko’ngil burchagi. Ayolga baxt bering, saodat bering!

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

Ayolga baxt bering, saodat bering,

Demang, yuribdi-ku kulib jilmayib.

Ayol kulib turib o‘lishi mumkin,

Dunyoni olishi mumkin jilmayib.

 

Ayolga baxt bering, saodat bering,

Gar ko‘zlari kulib tursa-da

Bo‘g‘zining ostida necha ming hasrat

Oy yuzlari kulib tursa-da,

Ko‘nglini ko‘taring hech bo‘lmaganda,

Qo‘lini silashga sharofat toping.

Yig‘lab turganida hech bo‘lmaganda

Yoshini artishga muruvvat toping.

Nogoh erga tushsa oppoq ro‘moli

Bosib o‘tmaslikka shafoat toping,

Chaqaloq yalagan etaklarini

Toza deb aytishga adolat toping.

Ayolga baxt bering, saodat bering,

Demang yuribdi-ku kulib, jilmayib.

Ayol kulib turib o‘lishi mumkin

Dunyoni olishi mumkin jilmayib.

 

Ayolga baxt bering, saodat bering

Illohi nur toping, hidoyat toping.

Illohi baxt bergan ayol yonidan

Baxtiyor o‘tmoqqa inoyat toping.

Illohi qalqonsiz, illoh qo‘rg‘onsiz,

G‘iybatlar yirtmasin ko‘ylakkinasin,

Illohi hushyorsiz, illoh bedorsiz.

Itlar tishlamasin yurakkinasin.

Ayolga baxt bering, saodat bering

Tog‘ qimirlab, toshlar so‘zga kirsa-da,

Ayolga baxt bering, saodat bering

Oltmishga kirsa-da, yuzga kirsa-da.

Zulfiya Mo‘minova

229