Ko‘ngillilar koronavirus bilan ochiq  jangda

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

Tojdor dushmanga aylangan ko‘zga ko‘rinmas virus bilan kurashda kimlar qahramonlik ko‘rsatmoqda? Dunyo ahli kimni qahramon sifatida tan olmoqda? Javob aniq:  oilasidan yiroqda bo‘lgan, o‘z ish joyidan ketmagan shifokorlar! Davlatimiz rahbari pandemiyaga qarshi kurash borasidagi har bir chiqishlarida tibbiyot xodimlariga chuqur minnaddorchilik bildirayotgani ham bejiz emas!

Biroq ayrimlar axborot makonidagi xabarlarda Andijonda koronavirusga chalingan shifokorlar ko‘pligi haqida yozib, ularning professionalligiga shubha uyg‘otish kayfiyatida bo‘lmoqda. Aslida bunday  fikr bildiruvchilar tibbiyot xodimlarining ish faoliyati bilan yaqindan tanishmasdan yuzaki ma’lumotlar taqdim etyapti.  Butun dunyo ojizlik qilayotgan koronavirus bilan yuzma-yuz turib kurashayotgan shifokorga nisbatan tahminiy fikr-mulohazalar bilan munsabat bildirish to‘g‘rimi?!

Ayni vaqtda 3 milliondan ortiq viloyat aholisiga 7 ming nafar shifokor, 34 mingga yaqin hamshiralar xizmat ko‘rsatmoqda. O‘z o‘zidan bu raqamlar boshqa viloyatlarga nisbatan olganda Andijonda bir tibbiyot xodimiga qancha bemor to‘g‘ri kelishini tahlil qilgan holda fikr bildirishga undaydi. Shifokor zimmasidagi mas’uliyatni so‘z bilan ifodalash qiyin! Tibbiyotdan oz bo‘lsada habardor insonlarga ayonki, koronavirusning dastlabki kunlarida – hech qanday klinik belgilari namoyon bo‘lmagan vaqtda birinchi bo‘lib bemorlar bilan aynan shifokorlar muloqotda bo‘lishdi. Shuning uchun Xitoyning bitta provinsiyasida 1000 dan ortik shifokor kasallikni yuqtirib olgan. Bunday holatlar Amerika Qo‘shma Shtatlari, Italiya va Ispaniya kabi rivojlangan davlatlarda ham qayd etildi. Lekin birorta davlatda shifokorlarni bu holatlar uchun ayblash kuzatilmadi. Butun dunyo ahli shifokorlar shaniga faqat taxsinlar aytmoqda.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda kasallangan bemorlar bilan aloqada bo‘lgan insonlar bilan ishlash juda muhim. Bu harakatda shifokorlar bilan bir safda Andijon davlat tibbiyot institutining 25 nafar professor-o‘qituvchilari ko‘ngillilar –  volontyorlar harakatida faol ish olib bormoqdalar. Ularning asosiy vazifasi-koronvirusga chalinganlar bilan aloqada bo‘lgan insonlarni aniqlash va karantin zonasiga olish. Guruh a’zolari tomonidan Andijon shahri, Andijon va Shaxrixon tumanlaridagi 100 dan ziyod xonadonlarda epidemiologik surishtiruv ishlari o‘tkazilib, zaruriy  chora-tadbirlar amalga oshirildi. Murodbek Xo‘jakov, Shohrux Mirzo Ziyaev,  Elyorbek Usmonov,  Sherzodbek No‘‘monov, Xusniddin Usmonov va Sodiqjon Mamajonovlar biriktirilgan hududlarda sanitariya-epidemiologiya va osoyishtalik markazi hamda  hududlardagi mas’ul tashkilotlar xodimlari bilan birgalikda aholining niqob rejimida bo‘lishlari, zarurat bo‘lmasa uyda qolishi, agar kasallik belgilari aniqlansa zudlik bilan shifokorlarga murojaat qilishlari xususida tushuntirish ishlari olib borish tashabbusi bilan chiqdilar.

Viloyatimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan  “Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi” shtabi – “Call center”da  ham institutmizning yosh volontyorlari faol ish olib bormoqda. Bo‘lgusi shifokorlar bu bilan tanlagan kasblariga munosib ekanliklarini ko‘rsatyapti. Muhammadyusuf  Yusupov, Dilmurodjon Nazirov va Boburbek Abdulazizxojievlar “1197” qisqa raqamlari orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor, boquvchisini yo‘qotganlarga  oziq-ovqat va dori-darmonlar etkazib berishda ko‘maklashmoqda. Ularning bu savobli ishidan yurtdoshlarmiz xursand.

Ko‘plab shifokorlarni birlashtirgan O‘zbekiston “Adolat” SDPning “Salomatlik yo‘lida birlashaylik!” loyihasi doirasida onlayin targ‘ibotga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Fuqarolarda “Oila shifokori” tushunchasi  shakllantirilyapti. Bu  barcha uyda qolgan bir vaqtda katta ahamiyatga ega..

Bir so‘z bilan aytganda, bugun shifokorlar sinovli kunlarda chin ma’noda  fidoyilik na’munasini ko‘rsatyapti.

                                                      Bahromjon Mirzakarimov ,

                                   Andijon davlat tibbiyot instituti  prorektori.

96