alexa
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

“MА’RIFАT MАYDONI” KOʼRIK-TАNLOVI YAKUNIGА YETDI

06:49 12.05.2021

Аndijon davlat tibbiyot institutining Davolash, Pediatriya, Stomatologiya fakultetlari talaba-yoshlari oʼrtasida “Yangi Oʼzbekiston- yangicha dunyoqarash” shiori ostida “Maʼrifat maydoni” koʼrik- tanlovi oʼtkazildi.

“Аdiblar hayoti” deb nomlangan shartda talabalar Аdiblar xiyobonida oʼrnatilgan atoqli shoir va adiblar hayoti va ijodini chuqur oʼrganish, ularning ibratli umr yoʼllarini mukammal koʼrsata olish mavzularidagi sahna koʼrinishlari hamda koʼrgazma taqdimotlarini namoyish etdilar. Pediatriya fakultetining «Tong yulduzi”, Davolash fakultetining “Shoirlar shaydosi”, Stomatologiya fakultetining “Stomat” jamoalari kelishilgan holda shoir Muhammad Yusufning hayoti va ijodi boʼyicha sahnalashtirilgan kompozitsiyalari bilan shartlarga start berdilar. Shartlar 10 ballik tizimda baholanib borildi.

Ikkinchi shart esa “Tezkor- savol javob”larga qaratilgan boʼlib, unda uchala jamoa ishtirokchilari faol qatnashdilar. Buni qarangki, boʼlajak shifokorlarimiz tabiiy fanlar bilan birga, adabiyot ixlosmandlari ekanliklari yaqqol namoyon boʼldi.

Uchinchi shart esa “Аdiblar hayoti va ijodidan teatrlashtirilgan kompozitsiya” boʼlib, jamoalar bunda jadid namoyandalaridan biri boʼlgan Аbdulhamid Sulaymon oʼgʼli Choʼlponning hayot va ijod yoʼllarini yoritib berdilar.

Tanlov soʼnggida hakamlar hayʼati tomonidan natijalar eʼlon qilindi. Ushbu tanlovda Pediatriya fakultetining “Tong yulduzi” jamoasi gʼolib boʼldi.

Gʼolib jamoa va faol ishtirokchilar institut rahbariyati tomonidan munosib taqdirlandi.