Magistratura va ordinatura mutaxassisliklariga talabgorlarni qabul qilish uchun davlat imtixonlari oʻtkazilish arafasida. Shu bois imtihonlarga tayyorgarlik jarayonlari avjida. Test sinovlarining adolatli va shaffof oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida institut rektori M.Madazimov, prorektorlar, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlimi rahbari, qabul komissiyasi aʼzolari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.
Unda magistratura va ordinatura mutaxassisliklariga hujjat topshirganlar bilan ishlash, institut qabul komissiyasi aʼzolari tomonidan ularning savollariga batafsil javob berish, shuningdek, test jarayonlarini adolatli va shaffof oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida kuzatuv kameralarining oʻrnatilishi, auditoriyalarning imtihonlarga shayligi borasida fikr-mulohazalar va taklif tavsiyalar berib oʻtildi.
Imtihon jarayonlarini shaffof oʻtishini taʼminlash maqsadida Davlat test markazi xodimlari, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, mahalliy deputatlar faollarini ham jalb etish, komissiya aʼzolaridan “Kafolat xati” olish, test jarayonlarida hech qanday korrupsion holatlarga yoʻl qoʻymaslik borasida oʻzaro kelishib olindi. Shuningdek, yangi oʻquv yili oldidan institut binosida tartib-intizomni taʼminlash maqsadida ichki va tashqi nazoratni kuchaytirish zarurligi borasidagi takliflar ham koʻrib chiqildi.