Bugun, 3-fevral kuni Andijon davlat tibbiyot institutida tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, Nyu–York fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi, Rossiya ijtimoiy fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi, Andijon davlat tibbiyot institutining faxriy rektori Mamazair Axmedovich Xo‘jamberdiyev tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Qahramon Sariyev, Oliy Majlis Senatining mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Tolibjon Madumarov, Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Komiljon Komilov, institut rektori Madaminjon Madazimov boshchiligidagi institut jamoasi ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar ustozning fidokorligi, ilmiy izlanishdan, shogirdlar yetishtirishdan aslo charchamasligini alohida eʼtirof etdilar. O‘quv jarayonlarini rivojlantirish, taʼlim xususan, tibbiy taʼlimga zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish orqali yuqori malakali kadrlarni yetkizib berishdagi faolliklari o‘z samarasini berayotganligi taʼkidlandi.
Shuningdek, ustozning ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida sog‘liqni saqlash sohasi taraqqiyoti, tibbiy taʼlimning rivojiga ulkan hissa qo‘shib, o‘z yurtiga, oilasiga, jamoasiga, do‘stu yaqinlariga, kasbiga mehri va sadoqati yuksak inson ekanligi, bundan barcha shifokor-pedagoglar, ayniqsa, talaba-yoshlar havas qilsa, ibrat olsa arzigulik rahbar sifatida hurmat va eʼtiborga loyiqligi aytib o‘tildi.
Tadbir davomida ustozga go‘zal tilaklar bildirilib, esdalik sovg‘alari taqdim etildi.