Til – davlat timsoli, mulki, ruhi, millatning madaniy va maʼnaviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Til bor ekan millat barhayot. Bugun O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 35 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
Xususan, sana munosabati bilan bugun Andijon davlat tibbiyot institutida “Milliy qadriyatlarimizning so‘nmas bulog‘I” mavzusida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Dastavval, institut rektori M.Madazimovning bayram tabrigi o‘qib eshittirildi.
- Ona tili shunchaki so‘zlashuv vositasi emas, balki Vatanga muhabbat, milliy iftixor, ajdodlarga hurmat va shuning barobarida avlodlarimizga izzat ramzi hamdir. O‘zbek tili mavqeini ko‘tarish, uni haqiqiy davlat, ona tiliga aylantirish uchun har bir fuqaro mas’ulligini unutmasligimiz kerak, Ushbu sharafli yo‘lda barchangizga sog‘lik-salomatlik, kuch-quvvat va birdamlik doimo hamroh bo‘lsin, deya bayram bilan muborakbod etdi institut rektori.
Shundan so‘ng O‘zbek tili va adabiyoti, tillar kafedrasi katta o‘qituvchisi Z.Raxmatova Davlat tilining nufuzini oshirishga qaratilgan so‘nggi o‘zgarishlar, til siyosatini takomillashtirish borasida olib borilayotgan islohotlar bilan bir qatorda o‘zbek tilining boy va jozibasi to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Tadbirning badiiy qismida esa Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning g‘azallaridan va ona tilimizni tarannum etuvchi she’rlar o‘qildi. Xalqaro fakultet talabalari tomonidan she’rlar va qo‘shiqlar ijro etildi.