Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo’sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo’yicha ilgari surgan beshta muhim tashabbusining birinchisida yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qilish ko‘zda tutilgan bo’lib, mazkur tashabbusning ijrosini ta’minlash maqsadida 2019-yil 20-iyun kuni Andijon davlat tibbiyot instituti talabalar turar joyida yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo’limi bilan hamkorlikda “Nazm va navo ” musiqiy-badiiy kecha o’tkazildi. Ushbu tadbirni davolash fakulteti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari Ulug’bek Karimov olib bordi.
Tadbirda Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo’limi mutaxassisi Vosid Ahmad , shoir va tadbirkor Orifhoji Meliyev, shoir va yozuvchi Abdusalom Isoqov, xushovoz xonandalar To’raxon Qodirov, Ergashboy Abduraximov hamda Muhammadjon Yusupovlar o’zlarining ijod na’munalari bilan o’rtoqlashdilar.
Tadbir davomida davolash fakultetining iqtidorli talabalaridan Hamidullo Tillaboyev ijrosida “Salom ona” va “Majnuntol” qo’shiqlari, Abrorbek Ma’rupov o’zi yozgan she’rlaridan na’munalar o’qidilar.
Tadbirda faol ishtirok etgan talabalarga shoirlar tomonidan badiiy adabiyotlar sovg’a qilindi. Tadbir so’ngida talabalar xushovoz xonandalarning sho’x qo’shiqlariga yayrab raqsga tushdilar.