Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining topshirigʻiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturi toʻgʻrisidagi farmon loyihasining keng jamoatchilik muhokamasi va targʻibotini tashkil etish maqsadida respublika miqyosida Media-reja tasdiqlandi.


Mazkur Media-rejaning 15-bandiga asosan, Andijon davlat tibbiyot institutida talabalar orasida islohotlar dasturlari va Davlat dasturi loyihalari yuzasidan “Fikrlar marafoni” tashkil etildi. Ushbu tadbir yoshlarning davlat siyosatidagi ustuvor yoʻnalishlarga bo‘lgan munosabatini shakllantirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda islohotlar mohiyatini chuqur anglashlariga xizmat qildi.
Mazkur tadbirda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i A.Abduhalimov, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi G.Xolmatova, katta yuristkonsultant va talabalar ishtirok etdi.

“Fikrlar marafoni” davomida soha mutaxassislari tomonidan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsad va vazifalari, mahallalarni rivojlantirish, jamiyatni yuksaltirish, aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, talabalar oʻz fikr va takliflarini erkin bildirib, davlat dasturlari loyihalari yuzasidan faol muhokamalarda ishtirok etdilar.
Mazkur tashabbus oliy ta’lim muassasalari talabalari orasida fuqarolik mas’uliyatini oshirish, islohotlarga befarq bo‘lmagan, tashabbuskor va zamonaviy fikrlaydigan yoshlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
