Oila- mustahkam qo’rg’on. Uni asrab-avaylashga oilaning har bir a’zosi mas’ul. Ilmiy kengashlar zalida Tibbiyot fanlari doktori, professor Zuhriddin Salohiddinovning “Saodat manzili” nomli kitobining taqdimoti bo’lib o’tdi.
Unda viloyat Xotin-qizlar maslahat kengashi, “Nuroniy” jamg’armasi vakillari, taniqli yozuvchi va shoirlar, mahalla fuqarolar yig’ini raislari, viloyat bosh otinoyisi, din ulamolari, Z.M.Bobur nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi xodimlari, institutimizning ma’naviyat-ma’rifat bo’limi xodimlari, Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi, professor-o’qituvchilar, Axborot-resurs markazi xodimlari, Z.Salohiddinovning oila a’zolari ishtirok etdi.
Tadbirda so’z olganlar muallifning o’z kitobida inson kamoloti, ma’naviyati, sog’lom oila turmush tarzi, ota-onaga hurmat, farzand tarbiyasiga, er-xotin munosabatlariga alohida e’tibor qaratganini ta’kidlab o’tdilar. Shu o’rinda muallif ham kitob yozishda ahamiyat berilgan jihatlar, bir necha yillik kuzatuvlar, hayotiy misollar, hadis va rivoyatlardan nechog’li foydalangani, qadimiy urf-odatlarimizni yana bir bor yodga olingani to’g’risida o’z mulohazalari bilan o’rtoqlashdi.
Tadbir davomida ota-onani tarannum etuvchi kuylar va videoroliklar namoyish etildi. Ayniqsa, “Shifokorlar” talabalar tyeatr studiyasining “Quyoshim o’zing” nomli sahna asaridan keltirilgan parcha mavzuni yanada ochib berishga xizmat qildi.
Adabiy-badiiy kecha chin ma’noda adabiyot va she’riyat tadbiriga aylanib ketdi. Ijodkorlar tomonidan go’zal she’rlar o’qildi, talabalarga o’rgak bo’lguvchi hayotiy misollar keltirildi. Eng yaxshi sovg’a- kitoblar taqdim etildi.