“Olam go`zalligi ayolda mujassam” mavzusida bayram tadbiri o`tkazildi

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

Shu kunlarda  yurtimizda, jumladan Andijon davlat tibbiyot institutida bahor va go‘zallik  ayyomi 8 Mart–Xalqaro  xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan bayram tantanalari davom etmoqda. Bugun institut ilmiy kengashlar zalini o‘zgacha bayramona shukuh va ko‘klam tarovati egalladi.

Bayram munosabati bilan institutning faol va jonkuyar  professor-o‘qituvchilari va xodimlari, husnu latofatda tengi yo‘q biri-biridan nazokatli ayollar, opa-singillar jamuljam bo‘ldilar.

Bayram tadbirini institut rektori, professor M.Madazimov ochib, institutning barcha ayollarini  8-Mart bayrami bilan samimiy muborakbod  etdi. Institut rektori o‘z so‘zida oliy dargohimizning ilmu ma’rifatda, go‘zalligu g‘ayrat- shijoatda tenggi yo‘q muhtarama ayollari to‘g‘risida to‘lqinlanib gapirdi va ularga bayram tilaklarini bildirdi.

Tadbirda institut xodimlar kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Sh.Dehqonov so‘zga chiqib, ayollarni mukofotlash to‘g‘risidagi maxsus buyruqni o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng institutning faol xotin-qizlariga diplomlar, sovg‘alar va guldastalar taqdim etildi.

Tadbirning badiiy qismi boshlanib, taniqli  xonanda Qizlarxon Davronova  ijrosida tabarruk ona, dilbar ayollar va  lobar qizlarimizni ulug‘lovchi qo‘shiqlar yangradi.

Institutning Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti faollari va “Ulfatlar” jamoasi tomonidan ko‘ngilochar chiqishlar, yumoristik sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, go‘zal tabriklar yangradi. Institut oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi talaba qizlari ijrosidagi jozibali raqslar, iqtidorli talabalardan  Sardor Ermuhammedovning she’rlari, Ilhomjon Hoshimov, Tojiali Shukurov ijrosidagi kuy –qo‘shiqlar davraga yanada fayzu shukuh kiritdi.

Mehnatlari, izlanish-u tadqiqotlari  e’tirof etilib, e’zozlangan ayollar gullar, sovg‘alar va musiqali tabriklardan minnatdor ekanliklarini  izhor etdilar.

626