Yasharish va yangilanish ayyomi bo‘lgan Navro‘zni xalqimiz kun bilan tunning tenglashuvi, tabiatning uyg‘onishi, umumxalq bayrami sifatida nishonlab keladi. Navro‘z – o‘zbek xalqining asriy va azaliy, milliy bayrami sanaladi hamda yurtimiz bo‘ylab katta tantana qilinadi.
Joriy yilda Navro‘z bayrami viloyatimizdagi Yangi Andijon hududida, ochiq osmon ostida o‘tkazildi. Andijon davlat tibbiyot institutiga ajratilgan maydonda institut rektori M.Madazimov boshchiligida professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar va talabalar ishtirokida “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” shiori ostida bayram shodiyonasi o‘tkazildi.
Tadbirda avvalida institut rektori M.Madazimov so‘z olib barcha qatnashchilarni Navro‘z ayyomi bilan samimiy qutladi. Iqtidorli talabalarimiz tomonidan milliy qadriyatlarimiz aks etgan sahna ko‘rinishlari, milliy laparlar, she’r, qo‘shiq va raqslar ijro etildi.
Ikki kun davom etgan bayram saylida doshqozonlarda xalqimizning eng sevimli milliy taomlaridan biri bo‘lgan sumalak tayyorlandi va qatnashchilarga tarqatildi. Bir kecha kunduzda tayyor bo‘ladigan ushbu taomni institut jamoasi birdamlik va ezgu niyat bilan tayyorladi.
Turli noz-ne’matlar bilan bezatilgan bayram dasturxoniga milliy taomlarimiz alohida ko‘rk bag‘ishladi.
Tantana davomida institut rektori bayram doirasida o‘tkazilgan qator tanlovlar g‘oliblariga tashakkurnoma va rag‘batlar taqdim etdi.