
Andijon davlat universitetida “O‘zbekiston–Ozarbayjon: oliy ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokidagi birinchi forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev, Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vaziri o‘rinbosari Idris Isayev, Andijon viloyati hokimligi, Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari hamda ikki davlatning 50 dan ortiq yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari qatorida Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov ham ishtirok etdi.
Forum doirasida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolanishi, qo‘shma fakultetlar va ilmiy markazlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, rektorlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, mavjud yutuq va muammolar yuzasidan ochiq muloqotlar tashkil etildi.
Mazkur forum O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, ilg‘or tajribalarni joriy etish va strategik hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Forumning ilk kuni doirasida yalpi majlis bo‘lib o‘tdi. Unda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalaridagi o‘zaro hamkorlik istiqbollari, jumladan akademik almashinuv, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy-tadqiqot loyihalari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi, tajriba almashildi. O‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvlarda amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslar muhokama qilindi. Muzokaralar natijasida 60 ga yaqin anglashuv memorandumi, hamkorlik bitimi va yo‘l xaritalari imzolandi. Ushbu hujjatlar ta’lim va ilm-fan sohasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, Andijon davlat tibbiyot instituti hamda Nakhachivan davlat universiteti rahbarlari anglashinuv memorandumini imzoladilar. Endi Nakhachivan davlat universitetining tibbiyot fakulteti hamda Andijon davlat tibbiyot instituti oʻrtasida hamkorlik yanada mustahkamlandi va talabalar va mutaxassislar almashinuvi yanada rivojlanadi.
Shuningdek, anjuman dasturiga muvofiq, ikki mamlakat vakillari do‘stlik ramzi sifatida va “Yashil makon” loyihasiga hissa qo‘shish maqsadida daraxt ko‘chatlarini o‘tqazdilar.
Forumning ikkinchi kuni sho‘balarga bo‘lingan holda ma’ruzalar olib bordilar. “Oliy ta’lim tizimida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tendensiyalar va strategiyalar” mavzusidagi birinchi sho‘bada Andijon davlat tibbiyot instituti rektori Madazimov Madamin Mo‘minovichning “Andijon davlat tibbiyot instituti va Ozarbayjon Respublikasi tibbiyot muassasalari va markazlari o‘rtasidagi hamkorlik” mavzusidagi ma’ruzasini instititning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori F.Rasulov tomonidan o’qib eshittirildi.
Ma’ruzalardan so‘ng Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori F.Rasulov hamda Nakhachivan davlat universitetining prorektori A.Jalilzada har ikki oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida mutaxassislar almashinuvini yanada mustahkamlash bo‘yicha shartnoma imzoladilar.