Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimovning navbatdagi uchrashuvi AQSh dagi O‘zbekiston elchixonasida O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Ahmedovich Siddiqov bilan bo’ldi.
Suhbatda elchi mamlakatimizda yuqori salohiyatli kadrlar ko‘pligi, ayniqsa, tibbiyot sohasini rivojlantirishga Davlatimiz rahbari alohida e’tibor qaratayotganligini e’tirof etdi. Mutaxassislarning xalqaro miqyosda tajriba almashishlari esa soha rivojiga munosib xissa qo‘shishlariga xizmat qilishini ta’kidladi.
Institut rektori amerikalik professorlarni mamlakatimizga jalb etib, xalqaro forumlarda ishtirok etishlarini ta’minlashda qo‘llab-quvvatlayotgani uchun elchiga minnatdorchilik bildirdi.
Suhbat davomida Andijon davlat tibbiyot instituti va AQShning nufuzli oliy ta’lim muassasalari hamda klinikalari bilan hamkorlik, malaka oshirish, akademik almashinuv, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, xalqaro grantlarni jalb qilish borasida fikr almashildi.
Mamlakatning yetakchi kompaniyalaridan institutning o‘quv binosi va klinikasiga zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalarini jalb etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Tomonlar ushbu takliflar yuzasidan mavjud rejalarni amalga oshirishga kelishib oldi.