Joriy yilning 15-oktabr kuni Andijon davlat tibbiyot institutida Bolalar kasalliklari propedevtikasi va poliklinik pediatriya kafedrasi tomonidan Turkiya Respublikasining Istanbul Bekent tibbiyot universiteti professori Ibrahim Alatash ishtirokida “Perenatal va pediatrik jarrohlik: tug‘ma nuqsonlarni erta aniqlash, muammolar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman va seminar o‘tkazildi.


Anjumanda institutning sohaga tegishli bo‘lgan kafedralarning barcha xodimlari, ilmiy izlanuvchilari, magistrant va klinik ordinatorlari, Andijon viloyati amaliyot shifokorlari ishtirok etdi. Dastlab, mehmonlar institutning Simulyatsiya va attestatsiya markazida talabalar jarrohlik amaliyotiga tayyorlanish maqsadida amaliy mashqlar o‘tashi, ko‘nikmalar hosil etilishi bilan tanishdi.


Anjuman avvalida institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar prorektori K.Salohiddinov institut rektorining anjuman qatnashchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. U kirish so‘zida Andijon davlat tibbiyot instituti va Benkent universiteti o‘rtasida iliq aloqalar o‘rnatilganligi, ilm-fan rivojlanishiga qaratilgan bitim va shartnomalar tuzilishi haqida so‘zladi.


Anjuman ishtirokchisi professor Ibrahim Alatash perinatologiyaning dolzarb muammolari qatoriga kirgan jarrohlik kassalliklarni zamonaviy amaliyotlar qo‘llanishi haqida, “Fetal jarrohlik, Spina bifida amaliyotlari” (ona qornida bajariladigan amaliyotlar) mavzusida jarrohlik amaliyotda davolash usullari haqida keng ma’lumotlar taqdim etdi. Ko‘tarilgan mavzu katta qiziqish uyg‘otdi va ishtirokchilar tomonidan anjuman yakunida ko‘plab savollar berildi, ularga to‘laqonli javob olindi.


