Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

PREZIDENTIMIZ MAMLAKATIMIZ SOG‘LIQNI SAQLASH TIZIMI VAKILLARI BILAN OCHIQ MULOQOT O‘TKAZDI.

20:45 18.03.2022

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida shifokorlar, hamshiralar, soha olimlari, keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida yillar davomida to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarni hal etish orqali sohani tubdan rivojlantirish, jahon standartlariga mos tibbiyot tizimini shakllantirish, aholiga tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surib, keng ko‘lamli vazifalarni belgilab berdi.

Dastavval davlatimiz rahbari tibbiyot sohasidagi, ayniqsa, tibbiy oliy ta’limdagi yutuqlarga alohida e’tibor qaratdi.  Xususan, so‘nggi besh yilda 6 ta yangi tibbiyot oliygohi tashkil etilib, ularning soni 14 taga yetkazilgani, qabul kvotasi esa 4 barobarga oshganini alohida ta’kidlab o‘tdi. “Xududlarni malakali mutaxassislar bilan kafolatli ta’minlash maqsadida:

– viloyatlar buyurtmasiga asosan manzilli o‘qishga qabul qilish yo‘lga qo‘yildi;

– olis va chekka qishloqlarga ishga boradigan bitiruvchilar uchun, “Qishloq shifokori” dasturini amalga oshirish boshlandi.

Shuningdek, 1,5 ming nafar shifokor nufuzli xorijiy klinika va universitetlarda malakasini oshirdi”, deya o‘z fikrini davom ettirdi.

Davlatimiz rahbari ochiq muloqotga tayyorgarlik jarayonida kelib tushgan murojaatlardan kelib chiqqan holda tibbiyot sohasini rivojlantirish va aholimiz turmush darajasini yaxshilash va salomatligini tiklash maqsadida kelgusida amalga oshirilajak ishlarni belgilab berdi.

Murojaatlarni chuqur o‘rganish asosida 7 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.

Birinchi yo‘nalish – birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish va ularning tarmog‘ini kengaytirish. Unga ko‘ra,

– 2022-yilda 136 ta va 2023-yilda yana 140 ta yangi poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;

– 2023-yildan boshlab, joylardagi poliklinika filiallari negizida 1 100 ta oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi.

Shu tariqa qariyb 1 million nafar aholi tibbiy xizmat bilan qamrab olinadi.

Shuningdek, 2 mingdan ziyod olis va chekka mahallalarda tibbiyot punktlari tashkil etiladi.

Ular orqali olis va chekka hududlardagi 4 million nafar aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

“Qishloq shifokori” dasturi yanada takomillashtiriladi va 2022-yil 1-maydan boshlab:

– olis va chekka hududlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlarning oylik ish haqiga 2 million so‘mdan qo‘shimcha ustama to‘lanadi;

– ushbu shifokorlarga ipoteka asosida uy-joy sotib olish xarajatining 50 foizgacha qismi mahalliy budjetlardan qoplab beriladi;

– bundan buyon, olis va chekka hududda uzluksiz uch yil ishlagan shifokor, klinik ordinaturaga imtihonsiz qabul qilinadi.

2022-yilda tuman markaziy shifoxonalaridagi o‘rinlarning 10 foizi nevrologiya, endokrinologiya, kardiologiya kasalliklari uchun ajratilib, budjetdan moliyalashtiriladi. Bu ko‘rsatkich 2023-yilda 20 foizga yetkaziladi.

Birlamchi tizim qamrovini kengaytirish va yuklamani kamaytirish maqsadida endilikda bunday tajribali shifokorlarning yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishiga ruxsat beriladi.

Yakka tartibdagi oilaviy shifokorlarga, aholiga bepul ko‘rsatilayotgan xizmatlari uchun to‘lov bosqichma-bosqich Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi orqali beriladi.

Oilaviy shifokor punktlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda statsionar tibbiy xizmatlar kunduzi soat 13-00 ga qadar ishlamoqda. Shu bois, oilaviy shifokor punktlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20-00 gacha uzaytiriladi. Ularda ishlaydigan shifokor va hamshiralar ish haqiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

2022-yil 1-maydan boshlab:

– barcha ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda bolalar bo‘limi tashkil etiladi;

– 17 mingdan ziyod tibbiyot brigadalariga yana qo‘shimcha 8,5 mingta bolalar hamshirasi va doya (akusher) shtatlari beriladi.

2022-yil 1-iyuldan boshlab 3-15 yoshli bolalarga yod preparatlari davlat tomonidan bepul tarqatiladi.

Respublika ixtisoslashgan pediatriya markazida genetik laboratoriya hamda uning 13 ta hududiy bo‘limlari tashkil etiladi.

Ushbu laboratoriya bolalar orasida nogironlikka olib keluvchi, shu jumladan, kam uchraydigan (orfan) kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha genetik tekshiruvlar o‘tkazadigan, zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlanadi. Buning uchun, 15 million dollar jalb qilinadi.

Shuningdek, respublikamizda spinal mushak atrofiyasi diagnozi qo‘yilgan bemor bolalarga zarur dori vositalarini bepul yetkazib berish tizimi joriy etiladi. Bunga, har yili 110 milliard so‘m ajratiladi.

Shu bilan birga, respublika bo‘yicha 46 ta tumanlararo perinatal markazlari tashkil etilib, ularda chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Joriy yil 1-apreldan boshlab tibbiyot tashkilotlari tomonidan chet eldan olib kiriladigan tibbiy jihozlar, buyumlar, asbob-uskuna va materiallar 2025-yil 1-yanvargacha qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona bojidan ozod qilinadi.

Aholi imtiyozli yo‘llanma bilan nafaqat davlat shifoxonalariga, balki o‘zi tanlagan xususiy klinikalarga ham bemalol borishi mumkin bo‘ladi.

Mamlakatimizda eng zarur bo‘lgan dori-darmon vositalari narxini kamida 30 foizga arzonlashtirish bo‘yicha barcha choralar ko‘riladi.

Buning uchun, kelgusi besh yilda dori-darmon va tibbiyot vositalari ishlab chiqarish hajmi 3 baravarga oshirilib, mahalliy dori vositalari bilan ta’minlash darajasi 80 foizga yetkaziladi.

Davlatimiz rahbari xalq tabobatining sinalgan usullarini zamonaviy tibbiyotga integratsiya qilish orqali davolash tizimi natijadorligini yanada oshirish mumkinligini ko‘rsatib o‘tdi. Shu bois, 2022-yilda:

– samarasi isbotlangan dorivor o‘simliklar tibbiy yordam ko‘rsatish standartlari va protokollariga bosqichma-bosqich kiritiladi;

– barcha tibbiyot oliygohlari va texnikumlarda, hududiy Xalq tabobati markazlarida soha uchun mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi joriy qilinadi;

– barcha hududlarda Ibn Sino markazlari tashkil etilib, ular tomonidan maktab, litsey, kollej, texnikum va oliygohlarda xalq tabobati va sog‘lom turmush tarzini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi;

– har bir poliklinikada xalq tabobati xonalari, fitobarlar tashkil etiladi;

– dorixonalarda dorivor vositalar burchagi bo‘lishi, litsenziya talabi sifatida kiritiladi;

– Tibbiyot akademiyasining klinikasi qoshida Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazining 40 o‘rinli davolash bo‘limi va hududlarda filiallari ish boshlaydi.

Ikkinchi yo‘nalish – tez tibbiy yordam tizimida alohida Dastur ishlab chiqilib; “103” tez tibbiy yordam xizmati respublika, viloyat, shahar va tuman darajasida yagona boshqaruv tizimiga birlashtiriladi. Toshkent shahri tajribasi asosida, har bir viloyatda tez tibbiy yordam bo‘yicha elektron avtomatlashgan boshqaruv tizimi joriy qilinadi. Bundan buyon, tez yordam tuman yoki viloyat chegarasiga qarab emas, balki bemorgacha masofaning yaqinligiga qarab xizmat ko‘rsatadi.

Shuningdek, tuman markazidan 50-80 kilometr uzoqlikda joylashgan 24 ta aholi punktida alohida tibbiy yordam brigadalari tashkil etiladi.

Uchinchi yo‘nalish – tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan alohida dastur amalga oshiriladi.

Bunda, eng avvalo, 182 ta oilaviy shifokor punktida ichimlik suvi tarmog‘i, 450 dan ortiq muassasada isitish, 650 tasida elektr tizimi to‘liq ta’mirlanadi.

Shular qatorida, 1 ming 100 ta tibbiyot muassasasi qayta qurilib, jihozlanadi. 227 ta tug‘ruq komplekslari ta’mirlanib, ularga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yetkazib beriladi.

Bundan tashqari, 39 ta bolalar shifoxonasining holati va ulardagi shart-sharoitlar tubdan yaxshilanadi. Bu ishlarga 6 trillion so‘m mablag‘ jalb qilinadi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmatining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 165 million dollarlik dastur amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, birlamchi bo‘g‘indan boshlab, tibbiyotning barcha sohalarini raqamlashtirish va IT infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha dastur qabul qilinadi.

To‘rtinchi yo‘nalishdagi chora-tadbirlar bevosita tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq bo‘ldi. Bu yil ham budjet tashkilotlari qatorida, tibbiyot xodimlarining oylik ish haqini ham kamida 10 foizga oshirish reja qilingan.

Bunga qo‘shimcha ravishda joriy yil 1 iyundan:

– tibbiyot xodimlarining oylik maoshi malaka toifasiga qarab yana 15 foizgacha oshiriladi;

– yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokorlarga esa yana 25 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.

Bundan tashqari, Tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasiga yiliga 1,5 trillion so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan:

– alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan shifokor va hamshiralarga 100 foizgacha oylik ustamalar ham belgilanadi;

– yangi ish boshlagan fidoiy yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustama to‘lash tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, 2022 yil 1 maydan boshlab:

– barcha tibbiyot xodimlari uchun dastlabki va davriy kasbiy tibbiy ko‘rik bepul o‘tkaziladi;

– qon bilan bevosita ishlayotgan tibbiyot xodimlari gepatit “B” kasalligiga qarshi bepul emlanadi.

Mazkur xarajatlar to‘liq budjetdan qoplanadi va bunga har yili kamida 100 milliard so‘m ajratiladi.

Har yili ming nafar bemor shifokorlar, ayniqsa, sohada bir umr mehnat qilgan faxriylarga yuqori texnologik operatsiyalar davlat hisobidan bepul o‘tkaziladi.

Endi, tibbiyot xodimlari faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashgan, ularning ishiga to‘sqinlik qilgan hamda tajovuz ko‘rsatgan kimsalarga nisbatan qonunchilikda alohida ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi.

Beshinchi yo‘nalish – sog‘liqni saqlash muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash.

Bu borada yangi tizim joriy etiladi va 2022-2023 o‘quv yilidan:

– tibbiyot oliygohlariga davlat grantlari asosida qabul kvotalari, hududlarda shifokorlarga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib, maqsadli oshirib boriladi;

– ftiziatriya, gematologiya, nefrologiya, pulmonologiya, psixiatriya, shoshilinch tibbiy yordam, laboratoriya ishi, yuqumli kasalliklar kabi 15 ta tor sohadagi mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga davlat grantlari 4 baravarga oshiriladi;

– 11 ta tibbiyot oliygohida olti oylik ixtisoslashgan kurslar tashkil etilib, har yili 500 nafardan oilaviy shifokorni hududlardagi eng zarur tor soha mutaxassisligi bo‘yicha maqsadli o‘qitish dasturi amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, tibbiyot oliygohlarining magistratura bosqichida va bakalavriatning 5–6-kurslarida o‘qiyotgan talabalarga, yo‘llanma asosida, birlamchi va tez yordam tizimida shifokor bo‘lib ishlashga ruxsat beriladi.

Endi barcha tibbiyot kollejlari va texnikumlari, oliy ta’lim muassasalariga biriktiriladi. Oliygohlar ta’lim va amaliyot sifati uchun bevosita mas’ul bo‘ladi.

Tibbiyot oliygohlarining klinikalari, respublika tibbiyot markazlari, ularning filiallari va shifoxonalar tibbiyot kollejlari va texnikumlari uchun klinik baza bo‘lib xizmat qiladi.

Oltinchi yo‘nalish – sog‘lom turmush tarzi orqali, kasallikning oldini olishga e’tiborni kuchaytirish.

Joriy yildan boshlab 17 mingdan ziyod tibbiy brigada, 2 mingdan ortiq oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarning ish samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimi joriy qilinadi. Bunda, ortiqcha vaznga yo‘l qo‘ymaslik, to‘g‘ri ovqatlanishga amal qilish, jismoniy faollikni oshirish, zararli odatlardan voz kechish va ular natijasida infarkt, insult, qandli diabet, onkologiya kabi kasalliklarning oldini olish ko‘rsatkichlari asosiy mezon sifatida belgilanadi. Ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari har chorakda mukofotlanadi, yil yakunida esa, har bir viloyatda eng yaxshi natija ko‘rsatgan poliklinikaga mukofot va sovg‘alar beriladi.  O‘z mahallasida sog‘lom turmush tarzini tunu kun targ‘ib qilgan, bu borada shaxsiy namuna bo‘lgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun alohida “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.

Yettinchi yo‘nalish – sog‘liqni saqlash tizimi asosan kasalliklarni davolashga emas, eng avvalo, ularning oldini olishga qaratilgan bo‘lishi zarur.

Bundan buyon tibbiyot tizimi “mablag‘ni bevosita bemorga sarflash” degan tamoyil asosida moliyalashtirishga o‘tiladi.

Shuningdek, yil yakuniga qadar Sirdaryoda tibbiy sug‘urta tizimini to‘liq yo‘lga qo‘yib, kelgusi yillarda barcha hududlarda joriy etiladi.

Shu bilan birga, butun respublikada amal qiladigan yagona klinik protokollar, ko‘rsatmalar va standartlar ishlab chiqiladi.

Tibbiyot sohasida yagona tibbiy ma’lumotlar bazasi, “elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi yaratiladi.

Tibbiy-iqtisodiy, statistik va analitik tahlillarni o‘tkazish imkonini beradigan Milliy tizim joriy etiladi.

Umuman, sohadagi islohotlarni rejali va izchil davom ettirish maqsadida, Jahon banki ekspertlari bilan birga, 1 oktabrga qadar 7 ta asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga olgan Sog‘liqni saqlash strategiyasi ishlab chiqiladi.

Skip to content Click to listen highlighted text!