
Bugun, 19-iyun kuni Andijon davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilarining ilmiy faoliyatini tahlil qilish va ularga ko‘rsatmalar berish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Unda institut rektori M.Madazimov, prorektorlar, fakultetlar dekanlari, kafedra mudirlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida rektor M.Madazimov institut professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyatini yanada oshirish, ularni jahon andozlariga mos mutaxassis bo‘lishlari muhimligini ta’kidladi.
-Siz ustozlar, shifokorlik kasbi barobarida ustozlik maqomiga ham egasiz. Va siz bo‘lajak shifokorlarga bilim berasiz. Bu esa albatta katta mas’uliyat va doimiy izlanishni talab etadi. Yoz mavsumi davomida “Scopus” bazasiga kiritilgan jurnallarda maqola berish bo‘yicha bilimlaringizni boyitish uchun xalqaro tajribaga ega mutaxassisni jalb qilishimiz ham tajribangizni yanada oshirishiga va natijada yanada ko‘p sonli shogirdlaringizni ham ortingizdan ergashishiga ishonaman – dedi, rektor.
Shundan so‘ng, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor F.Rasulov “Scopus”, uning bazasiga kiritilgan jurnallarda ishonchli tarzda maqolalar chop etish haqida ma’lumotlar berdi. Mazkur jurnallarda nashr etiladigan maqolalarga qo‘yiladigan talablar haqida aytib, ushbu jurnallarda o‘z ishlarini chop etishga qiynalayotgan professor-o‘qituvchilarga tavsiyalar berdi. Shuningdek, maqolalarni chop etib berish xizmatlarini taklif qiladigan soxta kompaniyalarga aldanib qolmaslik yuzasidan tushuntirish ishlari olib bordi.
Shuningdek, pokistonlik, uzoq yillardan buyon Xitoy Xalq Respublikasidagi top-300 talikka kirgan universitetlarida faoliyat yuritib kelayotgan, “Xirsh” indeksi-15 (“Xirsh” indeksi – olimning ilmiy samaradorligi va taʼsirini o‘lchash uchun ishlatiladigan ko‘rsatkich) bo‘lgan doktor Aamir Ali “Scopus” bazasiga kiritilgan jurnallarda maqola berish bo‘yicha dars mashg‘ulotini o‘tkazdi. Mutaxassis yoz oylari davomida institut professor-o‘qituvchilariga “Scopus” bazasiga kiritilgan jurnallarda maqola berish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazadi.