Bugun, 2-dekabr kuni Andijon davlat tibbiyot institutida «Xalqaro nogironlarni himoya qilish kuni» munosabati bilan Izboskan tumanida joylashgan Chuama ayollar muruvvat uyida istiqomat qiluvchi ayol-qizlarning ijodiy ko‘rgazmasi va ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo’lib o’tdi.
Dastlab, institut rektori M.Madazimov boshchiligida tadbir qatnashchilari, xorijlik mutaxassislar ham ushbu ko‘rgazmadan joy olgan gullar, qo‘g‘irchoqlar, to‘qimachilik namunalari bilan tanishdi. Bundan qizlarning nafaqat qo‘l mehnati yordamida tayyorlagan ijodiy ishlari balki, Mohinurning oyoqlari yordamida chizgan rasmlari ham joy oldi.
Ko‘rgazmadan so‘ng, “Qalblar tutashib, mehrga to‘lar” shiori ostida tadbir o‘tkazildi. Tadbirni O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor B.Abdullajonov kirish so‘zi bilan ochib berdi va ijodiy ishlarning “yaratuvchilari” bo‘lgan ayol-qizlarning qobiliyatlarini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, ularga institut rahbariyatining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirning badiiy qismida muruvvat uyi ayol-qizlaridan tarkib topgan “Shukrona” jamoasi va institutning iqtidorli talabalari tomonidan kuy-qo‘shiq va raqslar mahorat bilan ijro etildi. Barcha qatnashchilar ko‘tarinki kayfiyatda davraga qo‘shildi.
Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi, institut Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi G.Xolmatova qizlarning iste’dodi va qobiliyati bundanda rivojlanishi hamda bugungi ko‘rgazma kelgusida yanada keng miqyosda o‘tkazilishiga tilak bildirdi.
Chuama ayollar muruvvat uyi direktori M.Toshtemirova bu kabi e’tibor va g‘amxo‘rlikdan minnatdorligini, qizlarning yuzidagi quvonchga sabab bo‘lgani uchun institut ma’muriyati va tashkilotchilarga minnatdorchilik izhor etdi.