(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

QAY YURT FARZANDI BO’LMAYLIK, MAQSADIMIZ BITTA

15:30 24.02.2021

Inson qaysi millat vakili boʼlmasin qalblarni mehr-oqibat birlashtiradi. Institutimizda xorijdan kelib ilm izlayotgan talabalar talaygina. Ular oʼzbekning yashash tarziyu urf-odatlarini hurmat qiladilar. Buning isboti oʼlaroq, bugun ilmiy kengashlar zalida turli millat vakillari boʼlgan talabalarimiz tomonidan tadbir tashkil etildi.
Ularga Xorijiy talabalar bilan ishlash fakulteti dekani Gulbahor Yaxshiboyeva yaqindan yordam berdi. Tadbir avvalida institutimiz rektori M. Madazimov soʼz olib, institutimizda xorijiy mamlakatlar bilan doʼstona munosabatlarning mustahkamligi, maʼnaviy qadriyatlarimiz, milliy urf-odatlarimiz ham mushtarakligi, oliygohimizda tahsil olayotgan xorijiy fakultet talabalariga yaratilayotgan imkoniyatlarni alohida taʼkidlab oʼtdi. Tadbir davomida oʼzbek qizlari ijrosidagi hindcha raqs barchani mashhur Hindiston sari chorladi. Eng hayratlanarlisi, “Dilxiroj” va “Аndijon polkasi” raqslarini maromiga yetkazib ijro etgan chet ellik talabalarimizning harakatlari barchaning qalbida Vatan tuygʼularini yuksaltirdi.


Maʼlumki, buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Boburni birgina oʼzbeklar emas, hind aholisi ham dilbar shaxs sifatida qadrlaydi. Tadbir davomida ham ulugʼ shoh va shoirning hayoti va ijodi haqida fikrlar almashildi. Gʼazal va ruboiylari yoddan oʼqildi. Eng faol va iqtidorli talabalar kitob jamlanmalari bilan taqdirlandilar. Tadbir barcha millat vakillari ijrosidagi “Аndijonim” taronasi bilan yakunlandi. Qoʼllar-qoʼlga, dillar muhabbatga bogʼlandi.