Bugun, 27-mart kuni Andijon davlat tibbiyot instituti Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi tashabbusi bilan «Tengdoshga-tengdosh» tamoyili asosida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda institut rektorining Xotin-qizlar masalalari bo’yicha maslahatchisi G.Xolmatova, institutning «Qizlarjon» klubi a’zolari va talaba-qizlar ishtirok etdi.
Davra suhbatida ustozlar tomonidan qizlarga ilm olish sohaning yetuk mutaxassisi va oila bekasi bo‘lishda qanchalik muhim ekanligi ta’kidlandi.
– Ayol-qizlarimizning bilimli, intiluvchan bo‘lishlari nafaqat o‘zlarining muvaffaqiyatlarga erishishlari balki, farzandlariga ham o‘rnak bo‘lgan holda o‘z ortlaridan ergashtirishlarida ham katta ahamiyatga ega. Ularning huquqiy savodxonligini oshirish esa ayol-qizlarimizni tazyiq va zo’ravonliklardan himoya qilishda juda muhim, – dedi, G.Xolmatova.
Shuningdek, tadbirda Xotin-qizlar bilan ishlash bo’limi qoshidagi «Qizlarjon» klubining Fan yo’nalishi koordinatori Prezident stipendiyasi sohibasi M.Umarxo‘jayeva so‘z olib, ilm yo‘lidan borish albatta qiyinchiliklarsiz bo’lmasligi va uning natijasi ham insonga zavq, yana-da ilhom berishini aytib o‘tdi.
Tadbir davomida qizlarga turli xildagi nizoli vaziyatlarda to’g’ri yo‘l tutish, zarur paytlarda mutassadilarga murojaat qilishlari, buning uchun esa huquqiy bilimlarga ega bo‘lishlari muhimligi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.