Andijon davlat tibbiyot instituti bitiruvchi bosqich Tibbiy profilaktika yo‘nalishi talabalarining ijtimoiy tarmoqlarga yo‘llagan “Barcha bitiruvchi kurs talabalari tomonidan bizni online tarzda o‘qishimizni va o‘z hududlarimizda amaliyot o‘tab ish jarayonlarini o‘rganishimiz uchun sharoit yaratib berishlarini so‘rab qolamiz” mazmunidagi yo‘llagan murojaatiga javoban quyidagilarni maʼlum qilamiz:
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-oktabrdagi №561-sonli qarorining 2-bandida Sog‘liqni saqlash vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tajriba-sinov tariqasida (keyingi o‘rinlarda – tajriba-sinov loyihasi) 2022/2023-o‘quv yilida:
Barcha tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining «Davolash ishi», «Pediatriya ishi» va «Tibbiy-profilaktika ishi» bakalavriat taʼlim yo‘nalishlarining bitiruvchi kurs talabalariga (keyingi o‘rinlarda talabalar) mehnat shartnomasi asosida to‘liq stavkagacha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor, tez tibbiy yordam muassasalarida shifokor hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tuman (shahar) bo‘limlarida mavjud shifokor vakant o‘rinlarida;
xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining magistratura va klinik ordinatura mutaxassisliklarining bitiruvchi kurs talabalariga o‘z yo‘nalishidagi mutaxassislik bo‘yicha mavjud vakant o‘rinlarda mehnat shartnomasi asosida to‘liq stavkagacha faoliyat ko‘rsatishlariga ruxsat berish to‘g‘risidagi takliflari maʼqullansin.”– deb, belgilangan edi.
O‘tgan o‘quv yilida ushbu jarayon tajriba-sinov tariqasida amalga oshirilgan va bu yilda uni davom ettirish yoki tugatish yuzasidan vazirlikka so‘rov kiritilgan. Ushbu so‘rov natijasi bo’yicha qo‘shimcha maʼlum qilinadi.
Hozircha bitiruvchi bosqich talabalari 2023/2024-o‘quv yilining birinchi yarim yilligida anʼanaviy (offlayn) shaklda dars jarayonlarida ishtirok etadilar.