
Prezidentimiz raisligida “Mahallalarda aholi bandligini taʼminlash, daromadini oshirish va kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha” o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab bergan vazifalaridan kelib chiqib, viloyat hokimi Sh.Abdurahmonovning topshirig‘iga asosan qizil toifadagi mahallalar aholisiga ko‘maklashish, bandligini ta’minlash, muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Andijon davlat tibbiyot instituti rektoriga Baliqchi tumani “Tumor”, “Sho‘r”, “Yurtobod”, “Eshonchek” mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida biriktirilgan.
Mahalla yoshlari o‘rtasida mazkur topshiriq ijrosi bo‘yicha ishsizlarni aniqlash yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi. Bugun, 26-mart kuni esa mazkur o‘rganish asosida institut rektori M.Madazimov tomonidan mahallalar yoshlari ishtirokida muloqot o‘tkazildi.
Yoshlar bilan bo‘lgan muloqotda rektor mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so ‘z yuritdi. Shundan so‘ng mahallalar yoshlarining murojaatlari tinglandi.
Unda tadbir qatnashchilari o‘zlari qiziqqan sohalar bo‘yicha tikuv mashinasi, chorvachilik bilan shug‘ullanish uchun, o‘quv markazi ochish uchun kredit olish, qishloq xo‘jaligi texnikalarini olish uchun subsidiya olishga ehtiyoji borligini bildirdi va shu bo‘yicha savollar berdi. Ushbu savollarga mas’ullar tomonidan atroflicha javoblar taqdim etildi. Mahallalar yoshlarining bandligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olindi.