Andijon davlat tibbiyot institutida dual ta’lim tizimi asosida o‘quv jarayonlari izchil va samarali yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur tizim talabalarga nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ustozlar rahbarligida real tibbiy jarayonlarda ishtirok etish hamda kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash imkonini bermoqda.


Bugun, 17-fevral kuni institut rektori M.Madazimov Andijon shahridagi 1,2,8-oilaviy poliklinikalarda dual ta’lim asosida bilim olayotgan talabalar bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida talabalar tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar, bemorlar bilan ishlash jarayoni hamda ustoz-shogird tizimi asosidagi ta’lim sifati bilan yaqindan tanishildi.
Shuningdek, tadbirda O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Z.Mamasoliyev hamda Stomatologiya fakulteti dekani F.Urinov ishtirok etib, dual ta’limning afzalliklari, amaliyot samaradorligini oshirish hamda talabalarning kasbiy tayyorgarligini yanada kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdi.



Muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, amaliy jarayondagi yutuq va takliflari tinglandi. Dual ta’lim – bu nafaqat bilim, balki mas’uliyat, tajriba va kasbiy yetuklik maktabidir. Mazkur tizim orqali kelajak shifokorlari bugundan boshlab haqiqiy tibbiy muhitda shakllanmoqda.


