Xabaringiz bor, Andijon davlat tibbiyot instituti tomonidan Marhamat tumani “Qovunchi” mahallasidan biriktirilgan qizil toifaga kiritilgan yoshlarga har tomonlama ko‘mak berib kelinmoqda. Bugun, 30-mart kuni institut rektori M.Madazimov va ishchi guruh a’zolari mahalla yoshlari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida prezidentimiz farmoni bilan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga oʻqitish orqali ularning bandligini taʼminlash boʻyicha koʻplab vazifalar belgilanganini taʼkidladi. Shuningdek, har bir vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlariga ijtimoiy-moddiy jihatdan yordam zarur boʻlgan, alohida eʼtiborga muhtoj va migratsiyadan qaytgan, ammo bandligi taʼminlanmagan yoshlar biriktirilib, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash kabi masalalarga eʼtibor qaratilayotganini qayd etdi.
Mazkur uchrashuvda mahalla yoshlari o‘zlarining istak, maqsadlari bilan o‘rtoqlashdi. Chorvachilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlar o‘z rejalari bilan tanishtirdi. Salomatlikni tiklash yuzasidan aytilgan murojaatlar o‘z vaqtida mas’ullar bilan kelishilgan holda yechimini topdi.
Uchrashuv davomida har bir yoshning muammolari tinglanib, shundan kelib chiqqan holda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha dastur ishlab chiqish va amalga oshirish rejalashtirildi.