Hurmatli institutimiz jamoasi – aziz professor-o‘qituvchilar, qadrli talabalar va jonkuyar xodimlar!
Xabaringiz bor, kuni kecha Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan uchrashuv davomida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlarga oid 32 ta muhim tashabbus va qaror ilgari surildi. Mazkur vazifalar institutimiz faoliyatini yanada samarali tashkil etish va rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Belgilangan barcha imkoniyat va vazifalarni institutimiz faoliyatiga izchil hamda tizimli ravishda tatbiq etishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilaymiz.
Ushbu tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda, ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish majburiyatini o‘z zimmamizga olamiz.
- 1. Jumladan, har payshanba “Yoshlar kuni”ni tashkil etamiz, o‘sha kuni Rektor va rahbariyat ishtirokida talaba-yoshlar o‘rtasida ochiq muloqotlar o‘tkaziladi, yoshlar muammolari joyida hal qilinadi va talabalar tashabbuslari alohida qo‘llab-quvvatlanadi.
- Bitiruvchilar bandligini taʼminlab, kadrlar tayyorlash sifatini oshirib boramiz, “Kelajakka qadam” dasturlari asosida institut – ish beruvchi hamkorligini karyera markazi orqali kuchaytirib, kredit imkoniyatlaridan to‘g‘ri va samarali foydalanamiz.
- Ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash doirasida 2026-yil uchun doktorantura, tayanch doktorantura va mustaqil izlanuvchilikka iqtidorli magistrlar orasidan munosib zaxira shakllantiriladi, ilmiy izlanuvchilar sonini ko‘paytiramiz, ilmiy salohiyatni 43% ga chiqaramiz.
- Chet el davlatlari grantlari tanlovlarida ishtirok etish yo‘li orqali nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari bilan aloqalarni kuchaytiramiz va eng yangi fan yutuqlari, texnologiyalar hamda davolash usullarini amaliyotga joriy etamiz.
- Institutda ixtirochilik faoliyatini jadallashtirish orqali ixtirolar va patent guvohnomalarini qo‘lga kiritish salmog‘ini oshiramiz hamda ularning amaliyotga tatbiq etilishini ta’minlaymiz.
- Institut nufuzini oshirish yo‘nalishida xalqaro va respublika ilmiy-amaliy anjumanlarini o‘tkazamiz, mazkur anjumanlarga tibbiyot sohasidagi ko‘zga ko‘ringan xorijiy va respublika olimlarini taklif etamiz.
- Yoshlar tadbirkorligi va startap ekotizimi borasida institut qoshida tashkil etilgan “Inkubatsiya va akseleratsiya markazi” faoliyati rivojlantiriladi va u orqali: talabalar startaplarini tijoratlashtirish va investorlar bilan bog‘laymiz, innovatsion va amaliy dasturlarda faol ishtirok etish, sog‘liqni saqlash texnologiyalari, tibbiy texnologiyalar startaplari (HealthTech, MedTech) ni rivojlantirish, 4 nafar startapga institut grantlari va infratuzilma yordamini qo‘llaymiz.
- Institut veb-saytini “Webometrics” va boshqa reyting tizimlarida egallagan o‘rinlarini yaxshilash uchun TOP-300ga kiruvchi oliy ta’lim muassasalari saytlaridan foydalangan holda takomillashtirish ishlarini amalga oshiramiz.
- “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida aileaders.uz platformasi yordamida sun’iy intellekt sohalarida onlayn ta’limni yo‘lga qo‘yamiz va kamida 1000 nafar talabaning sertifikat olishini ta’minlaymiz.
- Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohalariga qiziquvchi yoshlarga raqamli ta’lim texnologiyalari markazi qoshida bepul to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yamiz.
- Bitiruvchilar bandligini taʼminlab, kadrlar tayyorlash sifatini oshirib boramiz, 1 ta bakalavriat taʼlim yo‘nalishini Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida akkreditatsiya va sifatni ta‘minlash bo‘yicha Yevroosiyo “ECAQA” markazi orqali xalqaro akkreditatsiyasidan o‘tkazamiz.
- Amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun tashkil etilgan “O‘quv simulyatsiya va attestatsiya markazi”ga qo‘shimcha 20 milliard so‘mli fandom va simulyatsiya jixozlari sotib olamiz.
- Institutda inklyuziv taʼlim talabalari sifatli taʼlim olishlari bo‘yicha barcha o‘quv korpuslarida hamda talabalar turar joylarida sharoitlar yaratiladi. “Uyg‘un taʼlim” ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasi yo‘lga qo‘yamiz.
- Kitobxonlik, madaniyat va intellektual rivojlanish borasida “Global Reading Nation” sunʼiy intellektga asoslangan elektron taʼlim platformasi ishga tushadi, tarjima dasturlarini yaratish bo‘yicha ishlar takomillashadi. Eng yaxshi kitobxon talabalar va ilmiy tadqiqotchilarga rektor rag‘bati yo‘lga qo‘yiladi. Institut axborot-resurs markazida fanlar kesimida elektron kutubxona platformasi yangilangan dizaynda ishga tushadi va kutubxona fondini 4200 dona o‘quv, ilmiy, badiiy va xorijiy adabiyotlar bilan boyitamiz. Talabalar uchun qulayliklar yaratish maqsadida talabalar turar joylarida qo‘shimcha o‘quv zallari ochiladi.
- Yangi o‘quv yilidan institutimizda zamonaviy kasblardan bo‘lgan tibbiyot biotexnologiyalari yo‘nalishini qo‘shishni ilgari suramiz.
- Institutda “Volontyorlik guruhi” aʼzolari sonii 150 nafarga yetkaziladi. Ular Andijon davlat tibbiyot instituti “O‘quv simulyatsiya va attestatsiya markazida” shoshilinch birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha tayyorlov kurslarida malakali professor, dotsentlar tomonidan o‘qitiladi.
- Institutda ommaviy sportda basketbol 3×3, para suzish, badminton va boshqa sport to‘garaklari orqali olimpiada ishtirokchilarini kashf qilamiz.
Qadrli institutimiz jamoasi!
Yuqorida qayd etilgan 32 ta tashabbus va qaror — yoshlarning chuqur bilimli, kasbiy mahoratli, tashabbuskor va jamiyat oldidagi mas’uliyatini his etadigan yetuk mutaxassis bo‘lib shakllanishi uchun yaratilgan keng imkoniyatdir.
Institutimiz:
- Malakali va raqobatbardosh shifokor tayyorlaydigan,
· Ilmiy izlanish va innovatsion loyihalarni rivojlantiradigan,
· Murakkab klinik holatlarda yuqori natija ko‘rsata oladigan mutaxassislarni yetishtiradigan,
· Tibbiy etika va ma’naviyat ustuvor bo‘lgan muhitni shakllantiradigan,
· Aholiga sifatli va adolatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydigan namunaviy ta’lim va klinik maskanga aylanishi zarur.
Barchangizni ushbu tarixiy imkoniyatlarni tibbiyot sohasi rivoji va xalqimiz salomatligi yo‘lida amaliy natijaga aylantirishda faol, fidoyi va tashabbuskor bo‘lishga chorlayman.
Hurmat bilan,
Madamin Madazimov,
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor.