Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimi joriy etilishi natijasida ularning muammolari bevosita oʻz mahallalarida hal etib kelinmoqda.
Jumladan, 2024-yilda amalga oshirilishi belgilab olingan davlat dasturiga asosan, “Yoshlar balansi” asosida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy taʼlim muassasalarining rahbarlariga “ogʻir” toifadagi, shuningdek, isteʼdodli va iqtidorli yoshlar nomma-nom biriktirilgan.
Andijon davlat tibbiyot institutiga Marhamat tumanidagi “Qovunchi” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi “qizil toifa”dagi eʼtiborga muhtoj 26 nafar yoshlar biriktirilgan. Ular bilan doimiy ravishda uchrashuvlar oʻtkazilib, muammolari oʻrganilmoqda.
Bugun, 25-iyun institut rektori M.Madazimov mahalla yoshlari va ularning ota-onalari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida ayni kunlarda xorijda mehnat qilayotgan 5 nafar mahalla yoshlari bilan ham onlayn muloqot qilib, ularning muammo hamda murojaatlarini tingladi va ularni hal etish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.
Yoshlar tomonidan aytilgan takliflarni o‘rganish, muammolarni hal etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi. Biriktirilgan yoshlar bilan ishlash jarayoni davom etmoqda.