REKTOR TABRIGI – Andijon davlat tibbiyot instituti
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

REKTOR TABRIGI

05:50 08.03.2025

Assalomu alaykum, qadrli ayollar, lobar talaba-qizlarim!

Sizlarni yosharish, yangilanish faslida, o‘zingiz kabi betakror tarzda o‘tkaziladigan betakror bayram 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan samimiy qutlayman!

Sizlar borki, oilalarimiz tinch, xonadonlarimiz fayzli, ish joylarimizda ham o‘zgacha yaxshi kayfiyat hukmron. Sizlar bilan hamisha qalblarimiz mehrni, hotirjamlikni va beg‘uborlikni his etamiz.

Bugungi kunda ayollar nafaqat uy bekaligi, onalik vazifalarini benuqson uddalamoqda. Balki, ilm-fan sohasida ham mahoratini namoyon etmoqda.

Davlatimiz rahbari ham ayol-qizlarning oʻqib, bilimli boʻlishi uchun zarur mablagʻ va imkoniyatlar topib berilayotgan bir paytda, oliygohlarda tahsil olayotgan xotin-qizlarimiz orasidan ilm-fan, siyosat va jamoat arboblari, mashhur madaniyat va sanʼat, sport namoyandalari yetishib chiqadi, deb ishonch bildirgan edilar.

Buning yorqin misolini men institutimiz ayol-qizlarining faolliklarida ko‘raman. Hozirda institutimizda 12 nafar fan doktori, 99 nafar fan nomzodi bo‘lgan ayollar faoliyat yuritmoqda va ularning safi yildan yilga ortib bormoqda.

“Koreya Xalqaro Ixtirochi ayollar ko‘rgazmasi “KIWE” – 2024”da Koreya ixtirochi ayollari Assotsiatsiyasi tomonidan Gospital pediatriya kafedrasi dotsenti Xurmatoy Kamchiyevna Xankeldiyeva oltin medal bilan taqdirlandi.

Gospital pediatriya kafedrasi mudiri Maʼrifat G‘aniyeva AQSHning Rozalin Franklin tibbiyot va fan universitetida (Rosalind Franklin University of Medicine and Science) “Bolalardagi yuqumli kasalliklari va bolalar immunologiyasi” yo‘nalishlarida malaka oshirish dasturlarida ishtirok etib qaytdi.

“Yil ayoli” milliy tanlovining Andijon viloyat bosqichida “Yilning eng faol olima ayoli” nominatsiyasida Neonatologiya kafedrasi mudiri, dotsent Dilraboxon Ergashboyeva g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasiga Kasb ta’limi (davolash ishi) yo‘nalishi talabasi Jo‘rayeva Sayyoraxon Tavakkaljon qizi, Islom Karimov nomli davlat stipendiyasiga Pediatriya fakulteti talabasi Madiyarova Madinabonu Avazbek qizi, Ibn Sino nomli davlat stipendiyasiga Pediatriya fakulteti talabasi Alijonova Mohbegim Akmaljon qizi sazovor bo‘ldi.

“Yoshlar korrupsiyaga yo‘q deydi” mavzusidagi “Eng yaxshi rasmlar” tanlovining respublika bosqichida Davolash fakultetining 3-bosqich talabasi Nozima Rustamova faxrli 2-oʻrinni egalladi.

Aziz ayollar, qadrli talaba-qizlarim!

Sizlarga tilagim, oilaningiz, farzandlaringiz, yaqinlaringiz baxtiga hamisha omon bo‘ling! Sizga mustahkam sogʻliq, oilangizga tinchlik-hotirjamlik, ezgu orzu, niyatlaringiz amalga oshishini tilab qolaman!

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Madamin Madazimov,
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor.

Skip to content