REKTOR TABRIGI – Andijon davlat tibbiyot instituti
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

REKTOR TABRIGI

05:17 01.10.2025

Assalomu alaykum, aziz ustozlar, institutimizning hurmatli murabbiylari, qadrli ustozlar!

Ustoz va murabbiylar haqida so‘z borganda, bexosdan va doimo yodimizga tushadigan Alisher Navoiy hazratlarining quyidagi misralari bu ulug‘ zotlarga berilgan eng yuksak ta’rif bo‘lib qolaveradi:

«Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qutmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado haqqin uning yuz ganj ila.»

Darhaqiqat, shunday. O‘tgan buyuk ajdodlarimiz hamisha ustoz maqomini yuksaklarga ko‘targan, ularni ulug‘lab, biz avlodlarga ham o‘rnak bo‘lib ketganlar.

1-oktabrning “Ustoz va murabbiylar kuni” sifatida umumxalq bayrami tarzida nishonlanayotgani ham aynan ana shu e’tiborning yorqin namunasi hisoblanadi.

Ustoz, o‘qituvchi, muallim degan sharafli kasbda fidokorona mehnat qilayotgan institutimizning barcha zahmatkash insonlarini bugungi zamon talablariga javob beradigan mutaxassislar, deb aytsak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Chunki, hozirgi globallashuv davrida har bir millat, avvalo, o‘z ta’lim tizimini rivojlantirishi zarur. Yurtboshimiz va davlatimizning oqilona siyosati natijasida ta’lim sohasida muhim islohotlar amalga oshmoqda va bularning samarasini biz allaqachon ko‘rib turibmiz.

Kelajak – bugungi ustozlar tarbiyalayotgan avlod qo‘lida. Shunday ekan, yelkamizdagi mas’uliyat nihoyatda ulkan. Vatanimiz ravnaqi va qudrati yo‘lida yetuk, bilimli, ma’naviy barkamol kadrlar yetishtirish – bizning asosiy maqsadimiz va jamiyat oldidagi eng ezgu burchimizdir.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Qahramoni, shoir Abdualla Oripovning quyidagi misralarini eslatib o‘tmoqchiman:

Shoirga dedilar:
Sen baxtli inson,
Xalqingiz ardoqlar,
Hamma taniydi.
Shoir javob qildi:
Menda bir armon –
Muallim desalar meni qaniydi…

Bayramingiz qutlug‘ bo‘lsin, aziz ustozlar!
Sizlarni chin yurakdan tabriklayman!
Doimo sog‘-omon bo‘linglar!

Madamin Madazimov,
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor.

Skip to content