Yangi 2025/2026-o‘quv yili arafasida Andijon davlat tibbiyot institutida talabalar uchun yaratilayotgan zamonaviy yashash va dam olish sharoitlarini ko‘zdan kechirish maqsadida institut rektori, professor M.Madazimov talabalar turar joyida bo‘ldi.
Unda rektor Davlat-xususiy sheriklik asosida qurib bitkazilgan, har biri 400 o‘rinli bo‘lgan 2 ta, jami 800 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy Talabalar turar joylarida olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Ushbu turar joylar barcha sanitariya-gigiyena talablariga javob beruvchi, zamonaviy mebel jihozlari, internet tarmog‘i bilan ta’minlangan bo‘lib, talabalar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan.


Shuningdek, turar joylar hududida talabalar uchun alohida dam olish va taomlanish hududlari ham qurib bitkazilmoqda. Bu hududlarda ochiq havoda hordiq chiqarish, ovqatlanish va madaniy hordiqni ta’minlovchi sharoitlar yaratilmoqda. Ayni paytda hududdagi obodonlashtirish va infratuzilma ishlari yakuniy bosqichga kirgan.


Professor M.Madazimov amalga oshirilayotgan ishlar sifati, bajarilish muddati va talabalar ehtiyojlariga muvofiqligiga alohida e’tibor qaratdi. Rektor qurilish va obodonlashtirish jarayonlarini nazoratdan o‘tkazar ekan, mas’ullarga o‘quv yiliga qadar barcha ishlarni sifatli va belgilangan muddatda yakunlash, shuningdek, talabalar uchun maksimal darajada qulaylik yaratish bo‘yicha tegishli topshiriqlarni berdi.
Mazkur tashabbuslar talabalarning nafaqat bilim olishi, balki ularning to‘laqonli yashashi, sog‘lom turmush tarzi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishini ta’minlashga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.


