
Bugun, 17-fevral kuni Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov joriy yilning 13-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida olimpiya va paralimpiya harakatini yana-da rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi hamda 14-fevral kuni Davlatimiz rahbarining mamlakatimiz yoshlari bilan o‘tkazgan muloqotidan kelib chiqib, viloyat hokimi Sh.Abdurahmonovning belgilab bergan topshirig‘iga asosan Andijon shahrida yashovchi bitiruvchi bosqich talabalari bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi. Unda prorektorlar, fakultetlar dekanlari va talabalar bandligini ta’minlash bo‘yicha mas’ullar ishtirok etdi.
Dastlab, Prezidentimizning yig‘ilish davomida yoshlarga bildirgan ishonchi, har bir tashabbus qo‘llab-quvvatlanayotgani, uchrashuv davomida aytib o‘tilgan yangiliklar borasida so‘z yuritildi.
– Sport bilan shug‘ullanishni istagan talabalar uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Talabalar turar joyida ham turli tadbirlarni tashkil etib boryapmiz. Unda ishtirok etib, salomatligingizni mustahkamlashingiz hamda sport musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rishingiz mumkin. Qolaversa, bizses loyihasi bilan tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishni istagan yoshlarni ham albatta, qo‘llab-quvvatlayman. Sizdagi istak, intilish meni ruhlantirishi tabiiy -dedi, rektor.
Shundan so‘ng institut rektori talabalarning bugungi kunda ishga joylashish ko‘rsatkichlari bilan qiziqdi. Taqdim etilgan ma’lumotlar asosida savol-javoblar o‘tkazdi. Talabalar sohani rivojlantirish va bu orqali aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilash borasida ishlab chiqqan o‘z loyihalari taklifini bildirdi.
Institut rektori mazkur loyihalar imkoniyatlarini batafsil o‘rganish, hali ishga joylashmagan talabalar bandligini ta’minlash borasida mas’ullarga topshiriqlar berdi.
-Qadrli talabalar, sizlarni shifokorlik faoliyatiga kirishishingiz va ustozlaringiz qatori xalqimizga tibbiy xizmat ko‘rsatishni boshlashingizga ham oz fursat qoldi. Talabalik bilim olish pallasi. Endi esa siz mana shu bilimlarni amaliyotda qo‘llaysiz. Bu eng sharafli va eng mashaqqatli vazifadir. Ushbu yo‘lda sizga omad va zafarlar tilayman. Ishingizga mas’uliyat bilan yondashib, uni sharaf bilan ado eting – dedi, rektor
Muloqot davomida talabalar ishga joylashish borasidagi savollariga mas’ullardan batafsil javob oldi.
Shu oyning o‘zidayoq 30 nafar bitiruvchi bosqich talabalari ishga joylashtirildi. Bu kabi tizimli ishlar esa bosqichma-bosqich davom etmoqda.