Bugun, 10-fevral kuni Andijon davlat tibbiyot institutida “Rektor va ota-onalar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv Davolash fakultetining 250 nafar bitiruvchi bosqich talabalari, ularning ota-onalari bilan ochiq muloqot tarzida tashkil etildi.
Tadbir davomida institut rektori Madamin Madazimov ota-onalar bilan bevosita suhbatlashib, talabalarni kelgusida har tomonlama yetuk mutaxassis sifatida tayyorlash, ularning ta’lim jarayoni, intizomi va kasbiy rivoji borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.



Tadbirda “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-61 son qarori ijrosini ta’minlash, respublika oliy ta’lim tashkilotlarida “Kelajakka qadam” markazininng hududiy bo‘linmalarni tashkil etish orqali bitiruvchi talabalarni o‘zini-o‘zi band qilishi va ishga joylashishga ko‘maklashish maqsadida bitiruvchi bosqich talabalari orasida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va biznes g‘oyalari mavjud bo‘lgan talabalarning loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish hamda biznes g‘oyalari tayyor bo‘lgan talabalarga kredit ajratish bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Bitiruvchi yoshlarni imtiyozli hududlarga yo‘naltirish, ularning bandligini ta’minlash, hududlardagi bo‘sh ish o‘rinlariga tor soha mutaxassislarini jalb qilish masalalari muhokama qilindi.


Shuningdek, talabalarning xorijiy til sertifikatlariga ega bo‘lishi, dual ta’lim tizimi, yoshlarni ish bilan ta’minlash hamda xalqaro talabalar almashinuvi dasturlarida talabalar ishtirokini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.


Uchrashuvda Davolash fakulteti dekani D.To‘lanov ham so‘zga chiqib, mavzu doirasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. U ta’lim sifati, talabalarning mas’uliyati, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishda institut va ota-onalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhimligini alohida ta’kidladi.
Muloqot yakunida o‘qishda va jamoat ishlarida faol bo‘lgan talabalarning ota-onalari institut rektori tomonidan tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Mazkur uchrashuv ta’lim muassasasi va ota-onalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

