Bugun, Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov Davolash fakultetining 6-bosqich talabalari bilan uchrashdi. Bitiruvchi talabalarga yakuniy nazorat attestatsiyasidan oldin yo’riqnoma berish maqsadida o’tkazilgan mazkur uchrashuvda fakultetning 378 nafar talabalari ishtirok etdi.
Mazkur uchrashuvda institut rektori talabalarga amaliyot jarayonlarida faol qatnashib, doimiy izlanish va harakatda bo’lib, yillar davomida o’rgangan nazariy bilimlarini amaliyotda yanada boyitishlari kerakligini aytib o’tdi. Bemorlarga to’g’ri tashxis qo’yib, ularning dardiga davo topishda eng avvalo o’z ustilarida ko’proq ishlashlari zarurligi, buning uchun ularga kerakli bo’lgan adabiyotlarni institut Axborot resurs markazidan kitob yoki elektron shaklda olishlari mumkinligini ta’kidladi. Qolaversa, o’qishni ta’limning keyingi bosqichlarida davom ettirish va xorijda malaka oshirish istagida bo’lgan talabalarga o’qib, til bilish sertifikatiga ega bo’lishlari muhimligini aytib o’tdi.
O’z navbatida talabalar ham o’zlarini qiziqtirgan savol va murojaatlarni aytdilar bu bo’yicha institut rektori mas’ullarga zarur topshiriqlarni berdi.